«Atletiko», «Liverpul» va «Chelsi» klublarining sobiq hujumchisi Fernando Torres faoliyati davomida qo‘lga kiritgan sovrinlari orasida qay birini eng ahamiyatlisi deb hisoblashini ma’lum qildi.
«Men qo‘lga kiritgan eng muhim sovrin — 2018-yilda «Atletiko» bilan birga g‘olib chiqilgan Yevropa ligasi. Bu eng nufuzli musobaqa emas, ammo nihoyat o‘z uyimda sovrin qo‘lga kiritgandim.
Gap sovrinlarda emas, balki o‘zingdan keyin qoldiradigan merosda, odamlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga intilishda. Farzandlarim odamlarning menga qanday munosabatda bo‘layotganini ko‘rganida, hamma ishni to‘g‘ri bajarish qanchalik muhimligini anglayman. Eng muhimi, odamlar seni qanday inson sifatida eslab qolishidir», — deya Torresning so‘zlarini keltiradi The Athletic nashri.
Ispaniyalik futbolchi «Chelsi» safida 2012-yilda Chempionlar ligasi, 2013-yilda esa Yevropa ligasi g‘olibiga aylangan. 2018-yilda esa «Atletiko» bilan Yevropa ligasida g‘olib chiqdi va shundan so‘ng Madrid klubini tark etdi. Shuningdek, sobiq hujumchi Ispaniya milliy jamoasi bilan jahon chempionligi va ikki bor Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan.

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi