FIFA 1965-sonli sirkulyarni e’lon qilib, 2026 yilgi Jahon chempionati saralash va final bosqichlarida ishtirok etgan futbolchilari uchun klublarga to‘lanadigan kompensatsiyalar haqida ma’lumot berdi.
Hujjatga ko‘ra, saralash bosqichi uchun FIFA tomonidan jami 100 million AQSH dollari ajratilgan.
Mazkur mablag‘ taqsimoti natijasida klub o‘z futbolchisining Jahon chempionati saralashidagi har bir rasmiy bahs qaydnomasiga kiritilgani uchun taxminan 2362 AQSH dollari miqdorida kompensatsiya oladi.
Muhim jihati shundaki, futbolchi maydonga tushgan yoki tushmaganidan qat’i nazar, agar u uchrashuv qaydnomasidan joy olgan bo‘lsa, klubga to‘lov amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Superliga klublari milliy jamoalarga yuborgan futbolchilari sonidan kelib chiqib ma’lum miqdorda kompensatsiya oladi. Biroq yakuniy raqamlar FIFA tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng ayrim tafovutlar yuzaga kelishi mumkin.
Shuningdek, FIFA Jahon chempionatining final bosqichi uchun yana 250 million AQSH dollari ajratgan.
Unga ko‘ra, klublar mundialning yakuniy bosqichiga kiritilgan futbolchilari uchun har bir kun hisobidan taxminan 5000 AQSH dollari miqdorida kompensatsiya oladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionati final bosqichida ishtirok etadi. Shu sababli Superliga klublari ham mundial davomida qo‘shimcha daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
