Yaqinda italiyalik darvozabon Gulelmo Vikario «Yuventus»ga ijara asosida o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Huquqlari «Tottenhem»ga tegishli bo‘lgan futbolchi haqida Turin klubi bosh murabbiyi Luchano Spaletti fikr bildirdi.
«Vikario — tajribali va aqlli professional. Uning faoliyatida yaxshi natijalar bor. Nima sababdanligini bilmayman, ammo o‘tgan mavsumda, ehtimol, nimadir unga yaxshiroq o‘ynashiga xalaqit bergandir. Shunga qaramay, u top-darajadagi darvozabon bo‘lib qolmoqda», — dedi mutaxassis Football Italia nashriga.
Ma’lumot uchun, Vikario o‘tgan mavsum barcha turnirlarda 43 ta bahsda maydonga tushib, ularning 13 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Eslatib o‘tamiz, Transfermarkt italiyalik darvozabonning bozor qiymatini 18 million yevroga baholamoqda.