Bugun
26
O'zbek

Sherzod Esanov: «Bu gol o‘zimga bo‘lgan ishonchni yanada oshirdi, deb o‘ylayman»

Eksklyuziv
2 oktabr, 09:17
Suriyaga qarshi o‘yindan keyin Sherzod jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Sherzod Esanov: «Bu gol o‘zimga bo‘lgan ishonchni yanada oshirdi, deb o‘ylayman»
Фото: ЎФА

Bugun O‘zbekiston milliy jamoamiz Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionida Suriyaga termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi va 4:1 hisobida raqibini mag‘lubiyatga uchratdi.

Uchrashuvda birinchi gol muallifi va hisobni ochgan futbolchi Sherzod Esanov bo‘ldi. U ilk bor milliy jamoamiz safida asosiy tarkibda maydonga tushdi va debyut golini kiritishga ham muvaffaq bo‘ldi.

O‘yindan keyin Sherzod jurnalistlarning savollariga javob berdi.

- Sherzod, uchrashuv borasida fikrlaringiz.

- O‘yin oson bo‘lmasligini bilardik. Albatta, uchrashuvda gol urganimdan va bu jamoamizning g‘alabasiga hissa qo‘shganidan ham juda xursandman. Bu gol o‘zimga bo‘lgan ishonchni yanada oshirdi, deb o‘ylayman.

- Golingiz chiroyli chiqdi. Pasni qabul qildingiz va aldab, ajoyib zarba bilan darvozani ishg‘ol etdingiz...

- O‘sha paytda to‘p menga biroz noqulay keldi. Lekin darhol to‘g‘rilab olib tepishga imkoniyat bo‘ldi va bundan foydalanib zarba berdim.

- Maydondagi harakatlaringiz va g olingiz «Real» futbolchisi Jud Bellingemni eslatib yuboryapti. Bu haqida nima deya olasiz?

- Unga qay darajada o‘xshayman, bilmadim. Lekin uning o‘yinlari menga juda yoqadi. Bellingemning o‘yinlariga havas qilaman. Bizni ham shu darajaga yetkazsin.

- Maydonda katta hamjdagi ishni bajardingiz va hujumda ham o‘ynadingiz. Murabbiydan qanday ko‘rsatmalarni olgandingiz?

- Aynan himoyalangan paytda himoyaga yordam berish, hujum qilgan chog‘imizda esa hujumchilarga yordam berish. Orqadan hujumgacha yugurish vazifasi qo‘yilgandi. Qo‘limdan kelganicha bajarishga harakat qildim va jamoamiz g‘alabasiga ozgina bo‘lsa ham hissa qo‘shgan bo‘lsam bundan xursandman.

- Milliy jamoamizda o‘zgarishlar davri boshlandi. Siz kabi yangi futbolchilar kirib kelmoqda. Hozirda jamoada muhit qanday va o‘zgarishlarni jamoa qanday qabul qilyapti?

- Juda ham yaxshi. O‘ylashimcha, bundan oldin ham muhit ajoyib bo‘lgan. Biz yoshlar milliy jamoaga tezroq moslashishga harakat qilyapmiz. Albatta, bu oson emas. Ammo o‘zimizga bo‘lgan ishonch yuqori va moslashish jarayoni yaxshi o‘tyapti, deb o‘ylayman.

- Navbatdagi o‘yin yana jiddiy bo‘ladi. Chunki safarda Janubiy Koreyaga qarshi o‘ynaymiz. Bo‘lajak uchrashuv oldidan nimalarni ayta olasiz?

- Oson jamoaning o‘zi yo‘q. Tabiiyki, keyingi o‘yinga ham jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Menimcha, juda ham qiziq o‘yin bo‘ladi. Bizga, ayniqsa, yoshlarga katta tajriba. Yuzimizni yorug‘ qilish uchun qo‘ldan kelganicha yutishga harakat qilamiz», - deya Esanovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston O‘zbekiston
  • Suriya Suriya
Bugungi yangiliklar