Live
5
O'zbek

Sergey Lushan: «Natijadan emas, jamoaning o‘yinidan mamnun bo‘ldim»

Eksklyuziv
27 noyabr, 10:30
Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.
Sergey Lushan: «Natijadan emas, jamoaning o‘yinidan mamnun bo‘ldim»
Фото: Машъал ПФК

Superliganing 29-turida «Buxoro» va «Mash’al» (2:2) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.

- Jamoamiz bugun juda yaxshi va sifatli o‘yin ko‘rsatdi. Nihoyat, futbolchilar ruhiy jihatdan biroz erkinlashib, futbol o‘ynay boshlashdi. Ayrim futbolchilardan bosimni olib tashlashga harakat qilgandik. Aytish mumkinki, bu borada maqsadimizga erishdik.

Jamoaning yarmi mavsum yakuniga yaqin biroz charchagandek ko‘rinmoqda. Hozir yo‘qotadigan narsamiz ham qolmadi. Shu bois rejalashtirgan ishlarimizning barchasini amalga oshirdik. Ammo har doimgidek, ba’zi vaziyatlarda o‘zimizga o‘zimiz gol uramiz, imkoniyatlarni boy beramiz. Buni to‘g‘rilashimiz kerak. Shunga qaramay, natijadan emas, balki jamoaning o‘yinidan juda mamnunman. Hatto mag‘lub bo‘lgan taqdirimizda ham, shunday o‘yin ko‘rsatganimizdan xursand bo‘lardim.

- Bugun maydonda yosh futbolchilarni ham ko‘rdik. Kelgusi o‘yinda yana yangi yosh futbolchilarga imkoniyat berishingiz mumkinmi?

- Bu ehtimoldan xoli emas. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, nazarimda, 12 nafarga yaqin yosh futbolchini asosiy jamoa orqali sinovdan o‘tkazdik. Ular biz bilan birga mashg‘ulotlarda ishtirok etishmoqda. Albatta, shunchaki, hazil uchun yoki biror sababsiz futbolchini maydonga tushira olmaymiz. Mashg‘ulotlarda va o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatayotgan yigitlarga imkoniyat beramiz.

Jamoada jarohat olgan futbolchilar ham bor. Shu sababli hozir tarkib borasida biroz qiyinchiliklar mavjud. Bugun Boymurodov, nazarimda, ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushdi. Asqarov bir necha kun betob bo‘lgani uchun shunday qaror qabul qildik. Hozir vaziyatga qarab ish tutyapmiz. Oldinda yana to‘rt-besh kun bor. Xudo xohlasa, barcha futbolchilar sog‘-salomat bo‘lishsin. Agar yana qandaydir muammolar yuzaga kelsa ham yoshlarni maydonga tushirishdan qo‘rqmaymiz. Bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi.

- Bugun maydonda futbolchilaringiz har bir metr uchun kurashayotganini ko‘rdik. Ularni bugungi uchrashuvga qanday ruhlantira oldingiz?

- Yo‘q, ular har bir o‘yinda shunday kurashishadi. Bilasizmi, men futbolga biroz boshqacha qarayman. O‘yinlarni boshqacha tahlil qilaman. Oxirgi besh-olti tur davomida yigitlar biz ulardan nimani xohlayotganimizni tushuna boshlashdi. Ba’zida buning uddasidan chiqishyapti, ba’zida esa yo‘q.

Bizda juda katta muammolar bor. Ayniqsa, yakkakurashlarda va jarima maydoni ichidagi harakatlarda kamchiliklar ko‘p. Asosiy tarkibda uzoq yillardan beri o‘ynab kelayotgan tajribali futbolchilar bor. Ular yillar davomida hududiy himoya usulida o‘ynashgan. Endi ularni shaxsiy qo‘riqlash tizimiga o‘tkazish oson emas.

Qolgan yosh futbolchilar uchun ham bu hali tushunarsiz bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, muammolarimiz juda ko‘p. Ammo futbolchilarning kurashi, xohishi va intilishi borasida menda hech qachon e’tiroz bo‘lmagan. Ular birorta o‘yinda ham kurashishdan to‘xtashmagan. Ba’zida natijaga erishishadi, ba’zida esa yo‘q. Futbolda bunday holatlar bo‘lib turadi.

Yana bir bor ta’kidlamoqchiman, bugungi o‘yindagina emas, umuman, jamoamiz xarakter ko‘rsatyapti, kurashyapti. Lekin futbolda baribir mahorat ko‘p narsani hal qiladi. Ko‘plab jamoalarda ikki-uch nafar yuqori saviyali futbolchi bor va aynan ular jamoani o‘z ortlaridan ergashtirishadi, natijaga yetaklashadi. Bizda esa hozircha shunday futbolchilar yo‘q. Shuning uchun ham muammolarimiz juda ko‘p», - deya Sergey Ivanovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Buxoro Buxoro
  • Mashal Mashal
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar