Live
5
O'zbek

Andrey Shipilov: «Rostini aytsam, ich-etimni yeb bitiryapman»

Eksklyuziv
27 noyabr, 10:38
Shipilov matbuot anjumanida o‘z fikrlarini aytdi.
Andrey Shipilov: «Rostini aytsam, ich-etimni yeb bitiryapman»
Фото: Андижон ПФК

Superliganing 29-turiga start berildi. Bugun «Qo‘qon-1912» o‘z maydonida «Xorazm» jamoasiga 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Imkoniyat boy berilgach, qo‘qonliklar ustozi Andrey Shipilov matbuot anjumanida o‘z fikrlarini aytdi.

- Avvalo, biroz mavzuga oid bo‘lmagan gapni aytib o‘tmoqchiman. «Qo‘qon-1912» klubidagi faoliyatimning birinchi kunidan boshlab shuni aytishim mumkinki, klub rahbariyati, viloyat hokimi, shahar hokimi va bevosita jamoamizni qo‘llab-quvvatlayotgan muxlislar tomonidan menga nisbatan hech qanday e’tirozli holat bo‘lmagan. Hech kimni menga yordam bermaganlikda yoki qo‘llab-quvvatlamaganlikda ayblay olmayman.

Bu gaplarni kimgadir yoqish yoki xushomad qilish uchun aytayotganim yo‘q. Bu — mening samimiy va haqqoniy fikrlarim. Faqat hozirgi vaziyatdan juda xafaman, qattiq qayg‘uryapman. Buning sababini ham bilmayman. Negadir jamoamizga omad kulib boqmayapti. Bu haqda avval ham aytgandim. Muammoni hal qilish uchun turli yo‘llarni izladim, ko‘p bor harakat qildim. Ammo shunchaki omadimiz kelmayapti.

- Bugungi o‘yinda ham avvalgi uy uchrashuvlarida kuzatilgan xatolar takrorlandi. Bu muammolarning sababi nimada?

- Bugungi o‘yin avvalgi uy uchrashuvlarimiz bilan xuddi bir qolipdan chiqqandek bo‘ldi. Futbolchilarga faqat sovuqqonlik va o‘yin intizomini saqlash kerakligini aytgandim. Aslida hech narsa bunday natijadan darak bermayotgandi.
O‘zimiz qilgan harakatlar bilan raqibga burchak to‘pi ishlab beryapmiz. Raqibning standart vaziyatlarini kunlab tahlil qildik. Video tahlillardan ko‘zlarim ham, murabbiylarimning ko‘zlari ham charchadi. Bir narsani tushuna olmayapman: ilgari bunday video-tahlillar yo‘q edi. Murabbiylar shunchaki tushuntirib berishardi, hech narsani yozib ham, ko‘rsatib ham o‘tirishmasdi. Hozir esa har bir futbolchi bilan alohida, uch nafar futbolchi bilan birgalikda va butun jamoa bo‘lib tahlillar o‘tkazyapmiz.

Shuncha mehnatdan keyin bunday holatlarning takrorlanishi juda alam qiladi. Rostini aytsam, ich-etimni yeb bitiryapman. Odamlar stadionga kelib, bizga ishonch va yordam berishayotganini ko‘rib turibman. Ular bilan doimo ochiqchasiga, yuzma-yuz gaplashamiz. Ular o‘z fikrlarini aytishadi, men ham javob beraman. Ammo baribir omadimiz kelmayapti. Shunchaki omadimiz yo‘q.

- Oldinda yana muhim uchrashuvlar bor. Jamoani ushbu qiyin vaziyatdan olib chiqish uchun qanday rejalaringiz bor?

- Hozir bizda 3-dekabr kuni Namanganda o‘yin bor, 6-dekabr kuni esa keyingi bosqichda maydonga tushamiz. Hozirgina futbolchilarga ham aytdim: avvalo, inson bo‘lishimiz, keyin esa o‘z ishining professionali sifatida har kim o‘z vazifasini to‘liq bajarishi kerak.

Agar hamma klubni, o‘z nomini qadrlasa, maydonda bor kuchini berishi shart. Mening «Qo‘qon» klubiga munosabatim juda yaxshi. Jamoaga ham, shaharga ham ko‘ngil qo‘yib qolganman. Bu yerda menga juda yaxshi munosabatda bo‘lishadi. Hozirgi imkoniyatlar doirasida biz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Resurslar cheklangan bo‘lishi mumkin, ammo odamlar qo‘llaridan kelgancha yordam berishyapti. Biz yashayotgan mehmonxonada ham, stadionda ham barcha zarur sharoitlar bor.
Ammo bunday vaziyatga tushib qolishga loyiq emasdik. Biz bunga loyiq emasmiz. Har qanday holatda ham o‘z zimmamdagi mas’uliyatdan qochmayman. Qo‘limdan kelganicha harakat qilyapman. Demak, bu harakatlarim yetarli bo‘lmayapti. Futbolchilar, jamoa va butun xodimlar tarkibi ham kerakli darajada harakat qilmayapti. Qayerdadir kimdir o‘z vazifasini to‘liq bajarmayapti.

- Jamoa oldidagi asosiy vazifa nima va bu maqsadga erishish uchun qanday harakat qilasiz?

- Bu vaziyatdan chiqishga harakat qilamiz. Birinchi navbatdagi vazifamiz — «Qo‘qon-1912»ning Superligada saqlanib qolishini ta’minlash. Men ushbu jamoaning amaldagi bosh murabbiyi sifatida buning uchun bor kuchimni ishga solaman.

Hozirgina kiyinish xonasida ham barchaga shuni aytdim. Kimning qanday ismi, familiyasi, unvoni yoki erishgan yutuqlari borligi men uchun mutlaqo ahamiyatga ega emas. O‘zbekistonning 15 karra chempioni bo‘ladimi, Osiyoning 18 karra chempioni bo‘ladimi — buning hozirgi vaziyatda men uchun hech qanday ahamiyati yo‘q. Ammo odamlar meni eshitishmadi. Rostdan ham eshitishmadi. Bizda bir xil xatolar takrorlanyapti, bir xil holatlar qayta-qayta sodir bo‘lmoqda.

- Bugungi vaziyat va jamoaning kelajagi borasida yana nimalarni qo‘shimcha qilmoqchisiz?

- Menda aytadigan gapim shu. Hech kimni ayblamoqchi emasman. Hozir sizlarga ochiq aytdim: men «Qo‘qon»da ishlayapman, shartnomam bor va bugun faqat «Qo‘qon» uchun qayg‘uryapman. Boshqa hech kim yoki boshqa narsa haqida ortiqcha gapirishni istamayman. Bugun meni faqat futbol jamoasining taqdiri qiziqtiryapti.
Bu balandparvoz gaplar emas. Men har doim o‘z so‘zlarim uchun gap bilan emas, amallarim bilan javob berganman. Bu ikkisi mutlaqo boshqa-boshqa narsa. Til bilan ko‘p gapirish mumkin. Ammo eng muhimi — amal. Qaysi sohada bo‘lmasin, insonning harakatlari uning so‘zlarini tasdiqlashi kerak.

Hozir biz futbol haqida gaplashyapmiz. Kiyinish xonasida ham futbolchilarga bu tarzda davom etib bo‘lmasligini aytdim. Bu holat o‘zgarishi shart. Futbolchilar murabbiylarga ham kuch va g‘ayrat bag‘ishlashi kerak. Shundagina biz to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilamiz. Agar energiya faqat murabbiy tomonidan berilaversa, murabbiy bor kuchini sarflasa-yu, futbolchilar esa shu g‘ayratni so‘ndirsa, bunday bo‘lmaydi. Jamoa va butun jamoaviy muhit birgalikda harakat qilishi kerak.

Shuning uchun hozir boshqa birov yoki boshqa mavzular haqida gapirishni istamayman. Meni bugun faqat o‘z vazifam, ya’ni «Qo‘qon-1912» jamoasidagi faoliyatim qiziqtiradi», - deya Andrey Sergeyevichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Qo'qon-1912 Qo'qon-1912
  • Xorazm Xorazm
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar