Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi prezidenti Yosir Al Mishal milliy jamoa 2026 yilgi jahon chempionati pley-off bosqichiga chiqa olmaganidan soʻng oʻz lavozimini tark etdi.
Gretsiyalik murabbiy Georgios Donis boshchiligidagi jamoa guruh bosqichida Urugvay (1:1) va Kabo-Verde (0:0) bilan durang oʻynadi. Shuningdek, saudiyaliklar Ispaniyaga 0:4 hisobida magʻlub boʻldi.
«Men va hamkasblarim Saudiya Arabistoni futboli rivoji yoʻlida qoʻlimizdan kelgan barcha ishni qildik hamda yurtimiz va muxlislarimiz orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishga chin dildan harakat qildik.
Biroq milliy jamoamizning jahon chempionatida keyingi bosqichga chiqa olmagani umumiy maqsadlarimizga mos kelmaydigan natija boʻldi.
Buning uchun toʻliq masʼuliyatni oʻz zimamga olaman va milliy jamoadan yanada munosib natija kutgan barcha insonlardan uzr soʻrayman.
Men vakolat muddatim yakunlangunga qadar faoliyatimni davom ettirmaslikka qaror qildim. Belgilangan tartib va reglamentlarga muvofiq, direktorlar kengashining yangi tarkibini saylash jarayonini boshlaymiz», — dedi 2019 yildan buyon ushbu lavozimda ishlab kelgan funksioner.