Bugun
25
O'zbek

Sanjar Quvvatov: «Bizda birinchi yoki ikkinchi darvozabon degan tushuncha yo'q»

Eksklyuziv
29 iyul, 06:57
Tribuna.uz muxbiri Quvvatov bilan suhbatlashdi.
Sanjar Quvvatov: «Bizda birinchi yoki ikkinchi darvozabon degan tushuncha yo'q»
Фото: Пахтакор ПФК

Superligada amaldagi chempionni izma-iz ta'qib etib kelayotgan «Paxtakor» 14-turda Toshkent derbisida «Bunyodkor»ni 1:0 hisobida mag'lubiyatga uchratganidan xabaringiz bo'lsa kerak. «Paxtakor»ning asosiy darvozaboniga aylana olgan Sanjar Quvvatovni ham jamoasining g'alabalarida shubhasiz katta hissasi bor. «Qaldirg'ochlar»ga qarshi bellashuvda u darvozasi daxlsizligini saqlay oldi.
Tribuna.uz muxbiri ushbu posbon bilan suhbatlashdi.

- «Paxtakor» «Bunyodkor»ga qarshi o'yinda yagona gol evaziga g'alaba qozondi. Bevosita ushbu bellashuvda ishtirok etgan futbolchi sifatida nimalarni ayta olasiz?

- Derbi har doim qiyin bo'ladi. «Bunyodkor» jamoasidagi muammolarni hamma biladi. Shunga qaramasdan, u yerda ham professional futbolchilar yig'ilgan. Ular yaxshi o'yin ko'rsatishdi. Buning uchun raqibga alohida tashakkur aytish kerak. O'yin qiziq kechdi. Ikkinchi golimiz hisobga olinmadi va yana bir-ikkita imkoniyatlarimizdan foydalanganimizda kattaroq hisobda yutishimiz mumkin edi. Muhimi, g'alaba qozondik. Qanaqa qiyin bo'lishiga qaramay, yakunda uch ochkoni qo'lga kiritganimiz biz uchun har doim maroqli. Bilasiz, «Paxtakor» doim chempionlik uchun kurashadigan jamoa. Bizga yuqori o'rindagimi yoki pastki o'rindagi jamoa raqib bo'ladimi, hamma vaqt bir xil o'yin ko'rsatishimiz kerak. Maqsadi yuqori qo'yilgan klub uchun har qanday jamoaga qarshi o'ynash qiyin bo'ladi. Har bir bellashuvga katta mas'uliyat bilan chiqish kerak. Qiyinchiliklarga qaramay, g'alaba qozonganimiz yoqimli.

- «Paxtakor»ni 1 avgust kuni safarda «Andijon»ga qarshi o'yin kutib turibdi. Vodiyda o'tadigan bo'lajak uchrashuv oldidan qanday fikrdasiz?

- Albatta, qiziqarli o'yin bo'ladi. Birinchidan, «Andijon»ning muxlislari o'z jamoasini juda kuchli qo'llab-quvvatlashadi. Bu borada «Andijon»ga ham, bizning jamoaga ham baribir bosim bo'ladi. Tayyorgarlik har doimgidek. Har bir bahsga qanday hozirlik ko'rsak, xuddi shunday tayyorgarlik ko'rib maydonga tushamiz.

- «Paxtakor»ning asosiy tarkibidan muntazam o'rin egallab kelyapsiz. Bilamizki, Vladimir Nazarov ham bor va raqobat kuchli. Birinchi raqamli darvozabon bo'lishingiz nima bilan bog'liq?

- Birinchi darvozabon, ikkinchi darvozabon deb ko'pchilik aytadi. Ammo bizda bunday tushuncha yo'q. Murabbiylarimiz doimo bizga tushuntirib borishadiki, hozirgi paytda har 3-4 kunda o'yin. Albatta, bir futbolchini hamma o'yinlarda o'ynashi juda qiyin. Bizda birinchi tarkib yoki ikkinchi tarkib degan narsa yo'q. Bugun men o'ynagan bo'lsam, ertaga Nazarov chiqishi mumkin yoki himoyada boshqa futbolchilar maydonga tushishlari mumkin. Murabbiylar o'yinchilarni almashtirib turishibdi. O'yinlar oralig'i yaqinligi uchun vaqt kam qoladi va futbolchida charchoq bilinadi. Shuning uchun tarkibda o'zgarishlar bo'lsa buni hech qanday ajablanarli joyi yo'q. Bizda ikkita bir xil tarkib. Har bir o'yinchi o'z pozitsiyalarida eng yaxshilaridan. Ha, raqobat kuchli, Nazarovni hamma biladi. Milliy jamoagacha yetib borgan va u yomon darvozabon hisoblanmaydi. Har bir sportchini vazifasi o'yinga tayyorgarlik ko'rish. Faqat maksimal darajada ishlaymiz. Qolganini murabbiylar hal qilishadi. Masalan, men emas, Nazarov o'ynasa, unga albatta yordam beraman. Xafa bo'lib qolish yoki nega men o'ynamayapman, degan narsa balki xayolda bo'lishi mumkin, lekin amalda unday emas. Bizda chempionat, OCHL va Kubok o'yinlari bor. Uchrashuvlar juda ko'p.

- «Paxtakor» gol urgandan keyin ko'proq himoyaga e'tibor qaratmoqda. Natijada darvozangiz oldida xavfli vaziyatlar ko'paymoqda. Masalan, o'yinlardan keyingi matbuot anjumanlarida ham bosh murabbiyga shu haqida savol berishyapti. Sizningcha, goldan keyin jamoa nega ko'proq himoyaga qaytyapti?

- To'liq himoyaga yotib olyapmiz, degan narsa emas. Masalan, o'yinga qarab bo'lishi mumkin. Ikkinchi bo'lim oxirrida bo'lsa, albatta himoyaga ko'proq e'tibor qaratishimiz kerak. Chunki futbolchida charchoq bilinadi. Muhimi, orqada to'p o'tkazib yubormaslik. Agar 2:0, 3:0 bo'ladigan bo'lsa, unda bemalol o'ynab yana hujumlarga e'tibor qaratish mumkin. Hamma narsa o'yinga qarab bo'ladi. Boshqa jamoaga o'xshab o'yinni boshidan himoyaga yotib olmaymiz yoki birinchi bo'limda gol urgandan keyin ham himoyaga yotib olmaymiz. Oldinda hali ancha vaqt bo'ladi. Lekin uchrashuv oxirlariga yaqin albatta himoyani o'ylash kerak. «Paxtakor» va «Neftchi»ga qarshi uchrashuvlarda ko'p jamoalarni durang ham qoniqtiradi. To'g'risini aytsam, biz uchun har bir durang deyarli mag'lubiyatga teng.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent
Bugungi yangiliklar