«Nasaf» klubi ham O‘zbekiston Kubogini 1\8 finaldan tark etdi. Qarshiliklar Namanganda «Navbahor» bilan to‘qnash kelishdi. Uchrashuv taqdirini yagona gol hal qildi va bu «Nasaf»ni musobaqadan chiqarib yubordi. O‘yindan so‘ng qarshiliklar ustozi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Biz 20 ming kuchli muxlisi bor jamoaning maydonida qarshilik ko‘rsatishga harakat qildik. Oldin aytib o‘tganimdek, bitta gol o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin. Birinchi, ikkinchi bo‘limda agar vaziyatimizni golga aylantirganimizda balki g‘alaba biz tomonda bo‘lardi. Yigitlarga rahmat aytaman, bor kuchini berib harakat qilishdi. Menimcha, yaxshi qarshilik ko‘rsatib, munosib harakat qildik, deb o‘ylayman. O‘zinglar ham ko‘rdinglar, yaxshi himoyalandik, faqat hujumlarda gol ura olmadik va bu mag‘lubiyatga olib keldi.
- Oldin «Nasaf» Kubokni yutishga odatlanib qolgandi. Ammo oxirgi uch yilda musobaqani erta tark etmoqda. Bugun o‘yindan keyin futbolchilar va siz ham hakam bilan nimanidir muhokama qildingiz. Bu Norchayevni qo‘liga to‘p tekkan vaziyat bilan bog‘liqmi?
- 1:0 paytda oxirida jarima to‘pini biz tarafga ko‘rsatdi. Shunga e’tiroz bildirdik. Boshqa hech qanaqa gap bo‘lgani yo‘q.
- Shogirdlaringiz boshqa klublarga o‘tib o‘ynab ketyapti va bu odatiy holga aylandi. «Nasaf» muxlislari buni qabul qilishni o‘rganishdi. Qachondir siz ham boshqa klub bosh murabbiyi sifatida ishlashingiz mumkinmi? Buni «Nasaf» muxlislari qanday qabul qiladi, deb o‘ylaysiz?
- Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bu haqida savol berilganda ko‘p aytardim, birinchi vazifam jonajon jamoamga qo‘limdan kelganicha yordam berish. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Lekin oldindan hech qachon jamoani tashlab, boshqa klubga ketish niyatim bo‘lmagan.
- «Nasaf» «Navbahor»ga qarshi ketma-ket ikkita o‘yinda o‘tkazdi va ikkalasida ham 1:0 hisobida yutqazdi. Jamoangizga gol urish uchun nima yetishmayapti?
- Saviyali hujumchilar yetishmayapti. Oxirgi uchrashuvlarda bizdan omad yuz o‘giryaptimi, bilmadim. Bu mag‘lubiyatlarimizga asosiy sabablardan biri bo‘lyapti. «Paxtakor» bilan o‘yindan boshlandi. O‘shanda ham yaxshi harakat qilishdi. Hujumda qayerdadir to‘sin va ustunlar...Bugun ham «Navbahor» jamoasiga shu narsa yordam berdi. Hujumda sovuqqonlik yetishmayapti va unda ishlarimiz yurishmayapti. O‘tgan safar ham aytdik, futbolda shunday gap bor: gol urmasang g‘alaba qozona olmaysan. Bu masalada futbolchilarga uqtiryapmiz, bosim qilayotganimiz yo‘q. Sovuqqonlik kerak bo‘ladi. Bilamiz, shunaqa davr keldiki, sabr qilishimiz kerak. Ishlashda davom etishimiz kerak, bu davr o‘tadi», - deya Berdiyevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Ro‘ziqul Berdiyev: «Shunaqa davr keldiki, sabr qilishimiz kerak»
Eksklyuziv
30 avgust, 14:37
«Nasaf» ustozi «Navbahor»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Фото: Насаф ПФК
30.08.2026
FT
Oʻzbekiston Kubogi
Navbahor Namangan
1
:
0
Nasaf Qarshi