Live
11
O'zbek

Balotelli Italiya futbolidagi muammolar haqida: «Kompyuterlar, telefonlar va pleysteyshn ko‘p narsani buzdi»

Futbol
30 avgust, 11:09
Italiyalik sobiq hujumchi yosh futbolchilar rivojida ko‘cha futbolining o‘rni kamayib ketganini asosiy muammo deb atadi.
Balotelli Italiya futbolidagi muammolar haqida: «Kompyuterlar, telefonlar va pleysteyshn ko‘p narsani buzdi»
Foto: Getty Images

Mario Balotelli Italiya futbolida yosh iqtidorlar yetishib chiqishiga gadjetlar va bolalar tarbiyasidagi o‘zgarishlar salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

«Menimcha, muammolar juda oddiy. Men texnik emas, kundalik hayot va Italiyada ko‘rayotganlarimdan kelib chiqib, amaliy tushuntirish berishni afzal ko‘raman.

Biz kichikligimizda soatlab futbol o‘ynardik. Onam to‘pni ko‘rishning iloji qolmaydigan darajada qorong‘i tushguncha ko‘chada qolganim uchun jahli chiqardi. Hozir esa Breshiya kabi shaharlarda sayr qilsam, parklar bo‘m-bo‘sh. Buni Italiyaning boshqa shaharlarida ham ko‘rish mumkin.

Kompyuterlar, telefonlar va pleysteyshn ko‘p narsani buzdi. Eng avvalo, ota-onalarning fikrlashi o‘zgardi. Bugun yetti yoshli bola har uch kunda ikki soat futbol o‘ynashi mumkin. Bizda ham tashkillashtirilgan mashg‘ulotlar bo‘lardi, lekin bundan tashqari har kuni uch soat parkda futbol o‘ynardik. Biz shunchaki ko‘ngilxushlik qilyapmiz, deb o‘ylardik, aslida esa bu qo‘shimcha mashg‘ulot edi.

Men iqtidorlar ko‘chalarda va parklarda tug‘ilganiga chindan ham ishonaman. Ko‘p futbol o‘ynardingiz, ko‘p narsani o‘rganardingiz va o‘zingizni yoshi kattaroq bolalarga qarshi sinab ko‘rardingiz. Agar yaxshi o‘ynasangiz, tengdoshlaringiz bilan o‘ynashingizga ruxsat berishmas, kattalar bilan o‘ynashga yuborishardi. Bu sinovlar uzoq muddatda menga juda katta foyda berdi. Yoshi mendan katta futbolchilar bilan o‘ynash faoliyatimdagi eng muhim jihatlardan biri bo‘lgan.

Bugun bolalar telefonda o‘tiradi. Ronaldinyoning videolarini ko‘rib, o‘zini u kabi his qiladi. Men esa Ronaldoga o‘xshashimni his qilardim, chunki uning fintlarini parkda haqiqatan ham takrorlay olardim. Bular mutlaqo boshqa narsalar», — dedi Balotelli.

Bugungi yangiliklar