Toshkentning «Paxtakor» klubi Muhammadrasul Abdumajidovning «Brest»ga qo‘yib yuborilmagani haqidagi xabarlar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.
«Bugun ko‘p OAV va bloglarda jamoamiz himoyachisi Muhammadrasul Abdumajidovning Fransiya klubiga o‘tishi masalasi bo‘yicha fikrlar bildirildi. Bunga klub rasmiy munosabatini bildiradi.
«Paxtakor» futbol klubiga boshqa xorij klubidan rasmiy taklif yuborilgan xat kelib tushmadi. Faqat futbolchining agenti fransuz klubi yozgan taklifni taqdim etdi (sotib olish huquqi bilan ijara). Biroq bu taklif klubimizni qoniqtirmadi.
«Paxtakor» jamoasidagi har bir futbolchining o‘ziga yarasha obro‘si bor va biz o‘yinchilar uchun bildirilgan yaxshi takliflarni ko‘rib chiqishga tayyormiz. Qolaversa, O‘zbekistonda transfer davri yopilgan.
Jamoa mavsumning muhim pallasida turibdi va futbolchining o‘rnini to‘ldirish imkoniyatiga ega emas. Har mavsum oldidan murabbiylar shtabi oldiga jiddiy vazifalar qo‘yiladi va bu yil ham shundan mustasno emas.
Futbolchilar o‘tishi va transferlari bo‘yicha qarorlar murabbiylar shtabi tomonidan vazifalardan kelib chiqib, jamoa manfaati asosida qabul qilinadi. «Paxtakor»ni oldinda Elit Chempionlar Ligasi kutmoqda. Ushbu musobaqada jamoaning vazifasi munosib ishtirok etishdan iborat.
Shu sababli ayni paytda asosiy maqsadimiz jamoa tarkibini kuchaytirishdan iborat, uni kuchsizlantirish emas.
Agar taklif vaqtliroq kelib tushganda, uni batafsil muhokama qilish mumkin edi. Yozgi transferlar paytida ikki nafar markaziy himoyachi boshqa klublarga qo‘yib yuborildi.
Shu tufayli ushbu transfer bo‘yicha taklifni faqat qishda ko‘rib chiqish imkoniyati borligini klubimiz ma’lum qiladi», — deyiladi xabarda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi