«Navbahor» klubi O‘zbekiston Kubogi 1\8 final bosqichida Namanganda «Nasaf»ni qabul qildi. Yaqinda chempionat doirasida bo‘lgani kabi bu safar ham Kapadze shogirdlari 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Bu galgi g‘alabadan keyin ular Kubokning chorak finaliga yo‘l olishdi. Uchrashuvdan so‘ng namanganliklar ustozi Temur Kapadze matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.
- Assalomu alaykum. Tabriklayman, g‘alaba bilan. Qiyin uchrashuv bo‘ldi, albatta. Birinchi navbatda barchani Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman. Yurtimiz tinch bo‘lsin, osmonimiz musaffo bo‘lsin. Faqat rivojlanaylik, faqat kuchayaylik. Shuning uchun hammani tabriklayman va o‘ylaymanki, chiroyli g‘alaba bilan kelgan muxlislarga bayramga sovg‘a bo‘ldi. O‘yinga keladigan bo‘lsak, albatta, qiyin uchrashuv kutayotgan edik. «Nasaf» yaxshi jamoa va ketma-ket o‘ynash har bir jamoa bilan qiyin. Hamma narsani inobatga olgan holda, albatta, «Nasaf» chempionatda pastroqda yurgani sababli Kubokni ular yutish uchun oxirgi imkoniyat edi. Shu boisdan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rdik. Albatta, ularda ham, bizda ham vaqt kam bo‘ldi. Lekin bugungi o‘yin darajasi sezildi, ko‘rindi. Hayajon ham, hamma narsa ham bo‘ldi, chunki har bir kichik xato ham qimmatga tushishi mumkin edi. Shuning uchun balki xatolar ko‘p bo‘lgandir, qayerdadir o‘yin chiqmagandir. Lekin chidadik, kutdik, harakat qildik va Xudoga shukr, oxirida nuqtani qo‘ydik.
- «Navbahor» endi keyingi bosqichga chiqdi. Kuchli jamoalardan «Paxtakor» chiqib ketdi. Endi nisbatan yengilroq nafas olish mumkin bo‘ladigandek. Keyingi bosqichni shaxmat taxtasiga qiyoslasak, qaysi murabbiy bilan bahslashishni xohlardingiz?
- Endi bu nasib. Bir narsani oldindan aytish qiyin. O‘zi bugungi uchrashuv, menimcha, yarim finalga teng bo‘ldi. Chunki chempionatdagi ikkita kuchli, kurashadigan jamoa to‘qnashdi. O‘yinning darajasi ham sezildi. Albatta, «Paxtakor» ham, «Nasaf» ham bu bosqichda ketgani, balki qandaydir ma’noda biz uchun yoqimli tarafidir. Chunki keyinchalik, yarim final bo‘ladimi, final bo‘ladimi, baribir ikkita kuchli jamoa yo‘q. Lekin bu Kubok. Shuning uchun har bir jamoa kurashadi, deb o‘ylayman. Biz ham xuddi shunday, oldimizga qaysi raqib chiqishidan qat’iy nazar, maksimal darajada tayyorgarlik ko‘rib, yutishga harakat qilamiz. Chunki ko‘rib turibsizlar, oson jamoa yo‘q. Har bir jamoa kelib, safarda yoki uyda bo‘lsin, g‘alaba uchun maydonga chiqadi. Biz ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, harakat qilamiz. Bolalar bugun ham va har bir o‘yinda maksimal harakat qilishyapti. Borini berib, jamoa uchun harakat qilishyapti. Shuning uchun g‘alaba ham o‘z-o‘ziga yarasha tatib ko‘rilyapti. Ishlaymiz, davom etamiz. Endi qur’a tashlashda kim chiqsa, maksimal tayyorgarlik ko‘rib, yutishga harakat qilamiz. Kim chiqishidan qat’iy nazar, keyingi bosqichga o‘tish uchun harakat qilamiz.
- Temur aka, Namangan viloyati hokimi, klub rahbari sizlarning oldingizga qanday vazifa qo‘ygan? Aniq, mana shunga erishish kerak, degan maqsad bormi yoki yo‘qmi?
- Yo‘q, unday to‘g‘ridan-to‘g‘ri qandaydir vazifa qo‘yilmagan. Boshida gaplashganda, o‘zim ham ikkilandim: kelaymi, kelmaymi va hokazo. Albatta, rahbariyat bilan gaplashib, eskitdan bilamiz, qanday muxlislik muhiti borligini. Shuning uchun birinchi navbatda shu yerdagi muxlislarni xursand qilish uchun keldim. Albatta, har bir o‘yinda shunday muxlislarimizni xursand qilayotganimdan o‘zimni juda baxtli his qilyapman. Chunki bu juda zo‘r narsa — bitta muxlisni bo‘lsa ham xursand qilish. Baribir rahbarimiz ham, men ham, bilasizlar, maksimalistmiz va har bir o‘yinda maksimal darajada g‘alaba uchun kurashamiz. Katta rahbariyatimiz bor. Shuning uchun hozir ham, nasib bo‘lsa, hamma narsani o‘z o‘yinlarimizda hal qilishga, maksimal darajada yutishga harakat qilamiz. Qolgani nasib. Albatta, nasib. Lekin Kubokda ham, chempionatda ham, Allohga shukr, yuqori o‘rinlarga ko‘tarilib, yutishga harakat qilamiz. O‘ylaymanki, viloyat hokimi ham, men ham yutqazishni yomon ko‘ramiz. Lekin boshidanoq «chempion bo‘lamiz», deb aytish qiyin. Chunki biz real qarashimiz kerak. Yangi jamoa tuzilyapti. Boshida, albatta, ko‘p ochko yo‘qotdik. O‘ziga yarasha, uyda o‘ynamaganimiz ham qattiq ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Chunki birinchi davrada ko‘p ochko yo‘qotdik, keraksiz ochkolardan ayrildik. Hozir aynan o‘sha olishimiz kerak bo‘lgan o‘yinlarni olganimizda, turnir jadvalidagi vaziyat butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Lekin o‘ylaymanki, kurashsa bo‘ladi. Kurashamiz, oxirigacha kurashamiz. Yil oxirida o‘zimizga tegishlisini olishimiz kerak. Nasib, qayergacha o‘ta olsak, shungacha boramiz. Albatta, muxlislar ham, rahbariyat ham bizlarni to‘g‘ri tushunishadi, deb o‘ylayman. Hozirgi vaziyatimizni, umuman, jamoa qanday tuzilayotganini adekvat baholayapmiz. Xudoga shukr, tarkibimiz yaxshi. Har bir chiziqda yaxshi, bir-biriga munosib va kurashadigan jamoa. Albatta, chempionlikka da’vo borligini ham bilamiz, hamma narsani tushunyapmiz. Lekin biz har bir o‘yinda o‘zimiz uchun kurashamiz. Maydonga maksimal chiqib, o‘yinimizni ko‘rsatib, g‘alaba qozonsak, qolganini keyin ko‘ramiz — manzilimiz qayergacha boradi.
- «Ishtaha ovqat paytida keladi», degan gap bor. Bu yil chempionlikka ham, Kubokka ham «Navbahor» jamoasining imkoniyatlari bor. Keyingi yilga «Navbahor» jamoasini Osiyo Chempionlar Ligasida ko‘rsak, deymiz. Hozirdan ko‘z oldingizga keltirib qo‘yganmisiz? Ya’ni, jamoani kuchaytirish, professional darajani oshirish bo‘yicha hozirdan qandaydir g‘oyalar bormi? Kelgusi yilda «Navbahor»ning Chempionlar Ligasida qatnashishi haqida nima deysiz?
- Birinchi navbatda, nasib qilsin. Albatta, bu yil sovrin yutish nasib qilsin. Keyingi yil Chempionlar Ligasida «Navbahor»... Chunki muxlislari faol, bunday o‘yinlarni ko‘rishni istashadi. Baribir har bir jamoa bilan o‘ynaganda, futbolchilarni ham kuzatamiz, qaraymiz, tahlil qilamiz. Deyarli har bir o‘yinchini taniymiz. Albatta, qiziqamiz: shartnomasi qachon tugaydi, nima bo‘ladi va hokazo. O‘ylaymanki, kerakli futbolchilar albatta kuchaytirish uchun jalb qilinadi. Biroq hozir kelasi yilgi o‘yinlarni o‘ylashga erta. Hozir biror narsa deyish ham qiyin. Biz hali hech narsa qilmadik. Biz faqat oldimizda turgan raqibni yutdik va davom etyapmiz. Uch kundan keyin yana bitta raqib bor, undan keyin yana o‘yin. Shuning uchun biz eyforiyaga yoki boshqa narsaga berilib ketmasligimiz kerak. Albatta, Xudoga shukr, yutdik, muxlislarni xursand qildik. Lekin biz hali hech narsa qilmadik. Yil oxirida, nasib bo‘lsa, shu ketishda, agar sizlar aytgandek, Kubokni ham, chempionlikni ham qo‘lga kiritsak, juda zo‘r bo‘ladi. Chunki «Navbahor» chempion bo‘lganiga 30 yil bo‘ldi. Bu ham bitta tarixiy natija bo‘ladi. Biz hamma narsaga real qaragan holda ishimizga professional yondashib, bolalar bilan har bir o‘yinga maksimal darajada chiqib harakat qilyapmiz. Lekin, albatta, keyingi yilgacha hali vaqtimiz bor — o‘ylash uchun ham, hamma narsa uchun ham.
- «Navbahor» kam gol o‘tkazayotgan bo‘lsa ham, masalan, oxirgi o‘yinlarda to‘qqizta aniq zarbadan to‘rtta gol o‘tkazib yuborgan. Bu xavotirga solmayaptimi? Ya’ni, har ikki aniq zarbadan bittasi gol bo‘lyapti. Bu darvozabon va himoyachilar o‘rtasida kommunikatsiya yo‘qligi bilan bog‘liq muammo emasmi?
- Yo‘q, muammo har doim bo‘ladi. Kamchiliklar bugun ham, har bir o‘yinda chiqadi. Uning ustida ishlayapmiz, o‘yindan-o‘yinga kuchayyapmiz. Deyarli gol o‘tkazmaydigan jamoa bo‘lish uchun ham vaqt kerak. Chunki yangi jamoa tuzilganda, ular bir-birini tushunishi uchun, hatto oddiy bir-biriga ishonishi uchun ham vaqt kerak bo‘ladi. Ishxonaga yangi ishchi kelsa, ishlashi mumkin, lekin baribir qanchalik yaqinlashishingiz vaqt bilan bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan jamoa bitta jamoaga aylanyapti. Bir-biriga munosabat ham, yordam berish tarafdan ham, maydonda ham bu sezilyapti. Balki birinchi davrada bu sezilmagan edi. Baribir deyarli 90 foiz yangi jamoa jamlanganidan keyin unga ozgina vaqt kerak. Biz uchun ham xuddi shunday. Har bir o‘yinda uni qo‘yasiz, buni qo‘yasiz, imkoniyatlarini ko‘rasiz, to‘g‘rilashga harakat qilasiz — nazariyada bo‘lsin, mashg‘ulotda bo‘lsin. Keyin yana qaraysiz: o‘sha xato bormi-yo‘qmi. Xato chiqaveradi. Uning ustida qanday ishlab, to‘g‘rilash esa bizga — murabbiylarga va albatta, futbolchilarga ham bog‘liq. Qanchalik tezroq buni uddalashsa, shunchalik yaxshi. Bu jarayon. O‘ylaymanki, raqib jamoa ham bizni xato qilishga majbur qiladi. Shuning uchun biz futbolni har tomonlama tushunishimiz kerak. Men murabbiy sifatida har bir bolaning potensialini yaxshi tushungan holda zaxirani ham qilib, jamoani kuchaytirishni ham bilamiz. Kimnidir bugun ham, agar sezgan bo‘lsangiz, himoyada o‘zgartirish qildik. Bu endi har bir futbolchining potensialini bilgan holda qayerda, qaysi yo‘nalishda o‘zgarish kerakligini, epizodni qaysi pozisiyada o‘ynashini va o‘yin paytida ham o‘zgarish qilish ehtimoli kattaroq bo‘layotganini ko‘rsatadi. Zaxiradan kim chiqib, qanday kuchaytirishimiz mumkinligini ham ko‘rsatyapti. Chunki futbol 90 daqiqadan iborat, faqat bir taymdan emas. Biz ikkinchi taymni ham o‘ylab, kim chiqib, kim kuchaytirishi mumkinligini o‘ylaymiz. O‘tgan o‘yinda, «Nasaf» bilan shu yerdagi uchrashuvda, hech kim kutmaganda ikkinchi bo‘lim boshida 10 kishi bo‘lib qoldik. Albatta, epizodda ham, lekin to‘g‘ri almashtirish qildik, to‘g‘ri rotatsiya qildik va oxir-oqibatda g‘alaba qozondik. Bu nimani anglatadi? Jamoa ham, men ham bitta jamoaga aylandik. Oldimizda qaysi raqib bo‘lishidan qat’i nazar, kuchimiz yetadi.
- Yaqinda «Ayaks» hamkorligida futbol akademiyasi ochildi. Bunda o‘zingiz ham ishtirok etdingiz. Hozirda qanday kutilmalar bor?
- Menimcha, bu juda zo‘r narsa. Mana shunday akademiya ochilganda, hamkorlikda nima bo‘lishidan qat’iy nazar, baribir Namangan viloyati futboliga xizmat qiladi. U yerdan kelgan mutaxassislar ozmi-ko‘pmi bu narsani qoldirishadi. Bunday akademiyalar, albatta, O‘zbekistonning boshqa joylarida ham ochilgan. Lekin menimcha, bu faqat plyusga ishlaydi. Uning natijasini vaqt ko‘rsatadi. Qanday samara beradi, qanday mevasini ko‘rsatadi — buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha asosiysi shuki, akademiya qurish, maydonlar barpo etish uchun joy ajratilgan. Men buning uchun xursandman. Bizda yana maydonlar ko‘payadi, akademiya bo‘ladi. Chunki bu — sharoit. Hozirgi kunda futbolimizdagi kamchilik — bu maydonlarimiz. Qancha maydonlarimiz ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Chunki hozir bolalarimiz orasida futbolga qiziqish juda yaxshi darajada. Shunday futbol infratuzilmasi qancha ko‘p bo‘lsa, bu, albatta, o‘sha bolalarning o‘sishi uchun katta zamin bo‘ladi. Umuman, sog‘lom turmush tarzi uchun ham katta dalda, deb bilaman. Bu tarafdan xursandman. Mana shunday akademiya kelib, hamkorlikda Namangan viloyati futboli uchun ishlashi, uni kuchaytirish va kelgusida davom etishi, akademiya maydonlarining qurilishi — bu juda zo‘r narsa», - deya Kapadzening so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.