«Nasaf» klubi OCHL 2 musobaqasining navbatdagi turida Qarshida Bahraynning «Al Xaldiya» klubini 1:0 hisobida magʻlub etdi.
Uchrashuvdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Roʻziqul Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Ogʻir oʻyin oʻtkazdik. Kecha taʼkidlaganimdek, haqiqatan tajribali, yaxshi jamoa. Buni amalda koʻrsatishdi. Biz uch ochkoga ega boʻldik, bundan xursandmiz. Barchani tabriklaymiz. Qiynalgan joyimiz, koʻproq ikkinchi boʻlimning yarim qismida, gol urganimizdan keyin ham qarshi hujumlarda ayrim vaziyatlarimiz boʻldi. Bir-ikkita vaziyatlarda esa qarshi hujumlardan foydalana olmadik. Umuman olganda, yomon oʻyin oʻtkazmadik. Asosiysi, uch ochkoga ega boʻldik.
- Asosiy kuchni ikkinchi taymga tashlayapsiz. Birinchi taymda vaziyatga qarayapsizmi?
- Toʻgʻri taʼkidladingiz, bunga eʼtibor qaratibsiz. Har bir oʻyinga chiqqanda gʻalabani koʻzlaysiz. Birinchi boʻlimda raqib jamoalar tetiklik paytida yaxshi himoyalanishadi. Yorib oʻtish juda qiyin boʻladi. Buni ataylab, strategik taktika qilganimiz yoʻq, lekin yigitlarga har doim asosiy kuchni gʻalaba uchun berish kerak. Shu sababli 90 daqiqa ichida gʻalaba qozonishimiz muhimligini doim yigitlarga taʼkidlab kelamiz. Oxirigacha kurashish kerak. Menimcha, soʻnggi 4 ta oʻyinimizni oladigan boʻlsak, shunaqa boʻldi. Chindan soʻnggi 4 ta uchrashuvda ikkinchi boʻlimdagi yaxshi harakatlarimiz bilan gʻalabaga erishdik. Bugun baʼzi bir sabablar bilan ikkinchi boʻlimda tashabbusni raqibga berib qoʻydik. Bu raqib jamoaning ancha tetikligi bilan bogʻliq. Ular 10 kuncha umuman oʻyin oʻtkazishmadi. Bu oʻyingacha yaxshi dam olib, yaxshi holatda kelishdi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilari oʻyinni ancha kuchaytirishdi. Tezlik qoʻshishdi. Bizning oʻyinchilarimiz hisobni, gʻalabani ushlab qolishga koʻproq eʼtibor qaratishdi. Menimcha, shu sababli ikkinchi boʻlim oxirlarida tashabbusni raqibga berib qoʻydik.
- Oxirgi daqiqada raqib toʻpni oyogʻi bilan darvozabonga tashlab berdi. Bu vaziyatga munosabatingiz qanday?
- Menga ham shunaqa oʻxshadi. Afsuski, turnirda VAR ishlamayapti. VARning muhimligi bugungi oʻyinda yana bir bor isbotini topdi. Bu nafaqat meni, balki stadiondagi barchaning fikri shunday boʻldiki, orqaga darvozabonga atayin pas bergandi. Nimaga-dir hakam bunga eʼtiborsiz qaradi. Balki ularning qarashlari bordir. Bu qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini biz oʻzimizcha tushunamiz.
- Mana shunday musobaqada VARning yoʻqligiga murabbiy sifatida qanday qaraysiz?
- Bilganimiz faqat VAR yoʻqligi. Balki buni OFK vakillaridan soʻrash kerakdir.
- Ijtimoiy tarmoqlarda Abduvohid Neʼmatov xorijga ketishi haqida maʼlumotlar chiqdi. Bunga munosabatingizni bilmoqchi edim.
- Agar yuqori maqsadni koʻzlagan kuchli chempionatdan taklif boʻladigan boʻlsa, endi qarshilik koʻrsatmayman. Legioner boʻlishi kerak, u bunga munosib. Biz uchun juda katta xizmat qildi. «Nasaf»ning yutuqlariga munosib hissasini qoʻshdi. Agar qaror qiladigan boʻlsa, biz faqat omad va oq yoʻl tilaymiz. Lekin qaysi jamoaga ketayotgani haqida men hech qayerda oʻqimadim. Qayerga ketyapti ekan? Yozilganining hammasi ham toʻgʻri boʻlib chiqavermaydi. Aniq boʻlsagina bu haqda gapirsak boʻladi», - deya Roʻziqul Saʼdullayevichning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.
Roʻziqul Berdiyev: «Neʼmatovning chetga ketishiga endi qarshilik koʻrsatmayman, ammo qayerga ketyapti ekan?»
Eksklyuziv
25 noyabr, 14:46
Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi.
Фото: Насаф ПФК
25.11.2026
FT
Osiyo Chempionlar Ligasi 2
Nasaf Qarshi
1
:
0
Al Khalidiyah