Live
2
O'zbek

Kotrina Kulbite: «O‘zbekiston xalqaro maydonda munosib o‘ringa ega ekanini isbotlamoqchimiz»

Futbol
25 noyabr, 13:56
Kulbite FIFA rasmiy saytiga maxsus intervyu berdi.
Kotrina Kulbite: «O‘zbekiston xalqaro maydonda munosib o‘ringa ega ekanini isbotlamoqchimiz»
Фото: ЎФА

O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi bosh murabbiyi Kotrina Kulbite FIFA rasmiy saytiga maxsus intervyu berdi.

Litvalik mutaxassis suhbat davomida 2027-yilda Braziliyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati saralashidan ko‘zlangan maqsadlar, Braziliya bilan bog‘liq xotiralari hamda yangi avlodni futbolga ruhlantirish haqida gapirdi.

O‘zbekiston milliy jamoasi 28-noyabrdan 5-dekabrgacha Marokash poytaxti Rabot shahrida o‘tkaziladigan qit’alararo pley-off bosqichida Papua — Yangi Gvineya, Gana va Janubiy Afrika Respublikasi milliy jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bosqichda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoa keyingi bosqichga yo‘l oladi.

33 yoshli murabbiy Braziliya bilan bog‘liq shaxsiy xotiralari orqali muvaffaqiyat sari intilishda taqdirning o‘rnini esladi va ruhiy tayyorgarlikning ahamiyatini ta’kidladi. Uning fikricha, jahon chempionatiga yo‘llanma olish O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini isbotlaydi, yangi avlodni ruhlantiradi va ayollar futboliga investitsiyalar jalb etilishiga xizmat qiladi.

Ba’zan Kotrina Kulbite sodir bo‘layotgan voqealarni taqdir bilan bog‘laydi. Go‘yo qandaydir kuch uni murabbiylik faoliyatining muhim yillarini o‘tkazgan mamlakatga qayta chorlayotgandek.

2018–2020-yillarda litvalik mutaxassis murabbiylik faoliyatini rivojlantirish maqsadida Braziliyaga yo‘l olgan edi. Endi esa u O‘zbekiston terma jamoasini aynan Braziliyada o‘tkaziladigan Jahon chempionatiga olib chiqish imkoniyatiga ega. Murabbiyning ta’kidlashicha, u bu haqda ko‘p bor orzu qilgan.

«Pandemiya boshlanguniga qadar San-Paulu shahrida ikki yil yashadim. Futbol sohasida faoliyat yuritdim va individual mashg‘ulotlar olib bordim. O‘sha davrda portugal tilini o‘rgandim. Braziliyaning madaniyati, odamlari va mamlakatning o‘zi menga juda yoqadi.

Jahon chempionati Braziliyada o‘tkaziladi. Bu mamlakat ayollar futboli uchun juda katta ahamiyatga ega. O‘ylaymanki, barcha murabbiy va futbolchilar Marta kabi futbolchilarning faoliyatini kuzatib borgan hamda Braziliyaning ayollar futbolidagi o‘rnini yaxshi biladi.

O‘sha paytda nima sababdan bo‘lishini bilmasam-da, bu mamlakatga albatta qaytishimni aytgandim. Balki dam olish, balki ishlash uchun qaytarman, deb o‘ylardim. Chunki bu ajoyib mamlakat. Endi esa O‘zbekiston terma jamoasi bilan Braziliyadagi Jahon chempionatiga borish imkoniyati paydo bo‘ldi. Balki bu taqdirdir», — dedi Kulbite.

Joriy yilgi Osiyo kubogida Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga juda yaqin kelgan O‘zbekiston terma jamoasida endi qit’alararo pley-off orqali ushbu maqsadga erishish uchun ikkinchi imkoniyat mavjud.

Saralashning dastlabki bosqichida oltita terma jamoa ishtirok etadi. Yakunda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar kelasi yili o‘tkaziladigan hal qiluvchi bosqichga yo‘l oladi.

O‘zbekiston 28-noyabrdan 5-dekabrgacha Rabot shahrida Papua — Yangi Gvineya, Gana va Janubiy Afrika Respublikasi terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Bir hafta, uchta uchrashuv va O‘zbekiston ayollar jamoasining tarixda ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etishi sari muhim qadam tashlash imkoniyati. Kulbitening fikricha, bu vazifani bajarishda ruhiy tayyorgarlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.

«O‘ylaymanki, ruhiy tayyorgarlik juda katta ahamiyatga ega. Osiyo kubogida Filippinga qarshi uchrashuvda Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish imkoniyatiga ega edik. Jamoamiz uzoq vaqt davomida bunday muhim uchrashuvlarda ishtirok etmagani bizga muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Barcha narsa bitta o‘yinga bog‘liq bo‘lgan vaziyatda bosimni yengib o‘tish har doim ham oson emas.

Biroq so‘nggi bir yil davomida kuchli terma jamoalarga qarshi o‘ynab, katta tajriba to‘pladik. Masalan, Osiyo o‘yinlarida Xitoy terma jamoasi bilan durang o‘ynadik. Albatta, bunday musobaqalar oson kechmaydi. Ammo Jahon chempionati saralashining dastlabki bosqichida munosib ishtirok etishga tayyormiz, deb o‘ylayman».

Fransuz tilini o‘zi istagan darajada bilmasligini tan olgan Kulbite haqiqiy poliglot hisoblanadi. U litva, portugal, ingliz va rus tillarida erkin so‘zlasha oladi, shuningdek, ispan tilini ham mukammal o‘zlashtirish arafasida. Yilning katta qismini O‘zbekistonda o‘tkazayotgan mutaxassis o‘zbek tilini ham o‘rganmoqda.

Futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilganiga ikki yil, erkaklar milliy jamoasining Jahon chempionatidagi tarixiy ishtirokidan yarim yil o‘tgan va U-20 Jahon chempionatiga hamkorlikda mezbonlik qilishiga bir yil qolgan O‘zbekistonda futbolning barcha yo‘nalishlari uchun muhim davr kechmoqda.

Endi esa Kulbite va asosan mamlakat ichki chempionatida to‘p surayotgan futbolchilar oldida O‘zbekiston futboli tarixida yana bir yangi sahifa ochish vazifasi turibdi.

«Agar Jahon chempionatiga yo‘llanma olsak, bu butun mamlakat va ayollar futboli uchun ulkan voqea bo‘ladi. Ayniqsa, erkaklar milliy terma jamoasi ham yaqinda tarixda ilk bor bunday natijaga erishganini hisobga olsak.

O‘zbekiston ayollar futbolidagi eng yirik musobaqada ilk bor ishtirok etsa, bu mamlakatimizning jahon miqyosida e’tirof etilishini anglatadi. Biz dunyoning eng kuchli terma jamoalari bilan raqobatlashish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Bu yangi avlodni ruhlantiradi. Ko‘proq qizlar futbol ularning kelajagiga aylanishi mumkinligiga ishona boshlaydi. Shuningdek, bu ayollar futboliga ko‘proq investitsiya jalb etilishi, infratuzilmaning yaxshilanishi va professional imkoniyatlarning kengayishiga xizmat qilishi mumkin.

Bu milliy g‘urur tuyg‘usini ham yanada kuchaytiradi. Biz nafaqat o‘z jamoamiz, balki butun mamlakat sharafini himoya qilamiz va yangi mezonlarni belgilaymiz. O‘zbekiston xalqaro maydonda munosib o‘ringa ega ekanini isbotlamoqchimiz. Shu bois bu natija nafaqat jamoamizning har bir a’zosi, balki butun mamlakat uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘ladi».

Boks murabbiyi oilasida ulg‘aygan 33 yoshli Kulbitda qat’iyat va matonat bolaligidan shakllangan. U ayrim shogirdlari bilan deyarli tengdosh hisoblanadi.

Mutaxassis o‘zbekistonlik iqtidorli futbolchilarning yangi avlodida ham jahon maydoniga qo‘rqmasdan chiqish va o‘z imkoniyatlarini butun dunyoga namoyish etishga bo‘lgan kuchli ishtiyoqni ko‘rmoqda.

«Men Litvaning kichik shaharlaridan birida ulg‘ayganman. Otam esa Yevropa va jahon miqyosidagi eng nufuzli musobaqalarda ishtirok etgan sportchilarga murabbiylik qilgan. Otamdan o‘rnak olganim shaxs va murabbiy sifatida shakllanishimda katta ahamiyat kasb etgan.

Hozir O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyiman. Ishonch bilan ayta olamanki, ushbu ajoyib futbolchilar bilan ishlash faoliyatimning eng zavqli davri bo‘lmoqda.

Bugun O‘zbekistonda hamma futbol bilan nafas olmoqda. Madaniyat, an’analar va din bilan bog‘liq ayrim jihatlarni tushunishimiz zarur bo‘lsa-da, tobora ko‘proq yosh qizlar futbol bilan shug‘ullanayotganini ko‘ryapmiz. Biz hozir katta sur’at bilan oldinga siljiyapmiz. Endi shu sur’atni saqlab qolishimiz, mavjud ishtiyoqdan unumli foydalanib, oldinga intilishimiz kerak.

O‘zimizga ishonishimiz zarur. Agar maydonda o‘z vazifalarimizni to‘liq bajarsak, saralashning hal qiluvchi bosqichiga yo‘l olish uchun, albatta, imkoniyatimiz bo‘ladi», — dedi Kotrina Kulbite.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston O‘zbekiston
Bugungi yangiliklar