Madridning «Real» klubi hujumchisi Rodrigo Goes jarohatdan tiklanish jarayoni qanday kechayotgani haqida gapirdi.
«Menda hammasi yaxshi. Hatto aytishim mumkinki, ishlar a'lo darajada ketmoqda. Tiklanish jarayonidagi rivojlanishdan mamnunman, har kuni o'zimni yaxshiroq his qilyapman. Bu juda katta sabr talab qiladigan jarayon. Ba'zi kunlari uyg'onganimda o'zimni yaxshi his qilmayman, boshqa kunlari esa go'yo yugurib maydonga tushishga tayyordek bo'laman. Shunga qaramay, sabr qilish kerak. Men baxtliman.
So'nggi uch yarim oy ichida juda ko'p narsalarni boshdan kechirdim. Juda yaxshi kunlar ham, qattiq og'riqlar sabab juda og'ir o'tgan kunlar ham bo'ldi. Bu hayotimdagi eng murakkab sinov edi. Ayrim kunlari umuman kuchim bo'lmasdi, ayrim kunlari esa aksincha, o'zimni juda tetik his qilardim. Men bularning barchasini yengib o'tdim va ishonamanki, bu sinovlar maydonga qaytganimda meni yanada kuchliroq qiladi», — deya Rodrigoning so'zlarini AS nashri keltirdi.
Eslatib o'tamiz, braziliyalik futbolchi mart oyida o'ng oyog'idagi oldingi xochsimon bog'lam va tashqi menisk jarohati sabab operatsiya qilingandi. Avvalroq uning tiklanish jarayoni taxminan 10 oy davom etishi ma'lum qilingan edi.