Ispaniya milliy jamoasi sardori Rodri JCH-2026 finali oldidan o'ziga bo'lgan ishonchni saqlab qolmoqda.
Marca xabariga ko'ra, yarimhimoyachi butun turnir davomida jamoadoshlariga bir xil gapni takrorlab kelmoqda.
«Men bu yerga Jahon chempionligini qo'lga kiritish uchun kelganman», — deydi Rodri.
Fransiya ustidan 2:0 hisobidagi g'alabadan so'ng Ispaniya o'z tarixida ikkinchi bor Jahon chempionati finaliga yo'l oldi. Endi jamoa ikkinchi jahon chempionligi uchun bir qadam narida turibdi.
Manbaga ko'ra, Ispaniya lagerida final oldidan xotirjamlik hukm surmoqda. Futbolchilar hali oldilariga qo'yilgan vazifani bajarmaganliklarini yaxshi tushunishmoqda va bor e'tiborlarini Argentina bilan bo'ladigan hal qiluvchi bahsga qaratishgan.
Rodri avvalroq mundialda chempionlikka erishish oson bo'lmasligini ham ta'kidlagandi.
«Kimdir Jahon chempionligini qiyinchiliksiz qo'lga kiritamiz deb o'ylayotgan bo'lsa, adashadi. Bu yerda dunyoning eng kuchli milliy jamoalari jamlangan. Ammo jamoamiz bunday turnirda g'alaba qozonish uchun zarur bo'lgan yetuklikni namoyish etmoqda», — dedi ispaniyalik futbolchi.
Eslatib o'tamiz, JCH-2026 finalida Ispaniya va Argentina milliy jamoalari 19 iyul kuni AQSHning Ist-Raterford shahridagi «MetLife» stadionida o'zaro bahs olib boradi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi