Madridning «Real» klubi hujumchisi Vinisius Junior 2027 yil yozida jamoani erkin agent sifatida tark etishi mumkin.
Jurnalist Karlos Karpioning xabariga ko'ra, ayni paytda eng ehtimoliy ssenariy shuki, braziliyalik futbolchi amaldagi shartnomasi yakunlangach klubni tekinga tark etadi. Uning o'rniga esa «Manchester Siti» hujumchisi Erling Holand transfer qilinishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, «Real» va Vinisius o'rtasida yangi shartnoma borasidagi muzokaralar hanuz ijobiy yakun topmagan.
Vinisius 2018 yilda Braziliyaning «Flamengo» klubidan 45 million yevro evaziga «Real» safiga kelib qo'shilgan. Uning Madrid klubi bilan shartnomasi 2027 yil 30 iyungacha amal qiladi.
2025/26 yilgi mavsumda 25 yoshli hujumchi barcha musobaqalarda 53 ta bahsda maydonga tushib, 22 ta gol va 14 ta assist qayd etdi. Transfermarkt portali futbolchining transfer qiymatini 140 million yevro deb baholamoqda.
Eslatib o'tamiz, hozircha ushbu ma'lumot rasmiy tasdiqlanmagan. Erling Holandning «Manchester Siti» bilan amaldagi shartnomasi davom etmoqda, Vinisusning kelajagi bo'yicha esa yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.