«Barselona» hujumchisi Rafinya klub bilan shartnomasini 2030-yilgacha uzaytirdi. Bu haqda jamoaning rasmiy sayti xabar berdi.
29 yoshli braziliyalik futbolchi «Barselona» safiga 2022/23-yilgi mavsumda kelib qo‘shilgan. Shundan buyon u jamoa safida 190 ta bahsda ishtirok etib, 94 ta gol urdi.
Rafinya kataloniyaliklar bilan uch marta Ispaniya chempionligi (2022/23, 2024/25, 2025/26), bir marta mamlakat kubogi (2024/25) va uch marta Ispaniya Superkubogini (2022/23, 2024/25, 2025/26) qo‘lga kiritgan.
«Aston Villa»ga qarshi bahsda u «Barselona» safidagi o‘yinlar soni bo‘yicha braziliyalik Adriano Koreya bilan tenglashdi. Shu tariqa Rafinya klub tarixida eng ko‘p bahsda maydonga tushgan braziliyalik futbolchilar orasida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Ma’lumot uchun, Rafinyaning «Barselona» bilan avvalgi shartnomasi 2027-yil yozigacha mo‘ljallangan edi.
Eslatib o‘tamiz, Transfermarkt portali 29 yoshli futbolchining transfer qiymatini 70 million yevroga baholamoqda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi