Live
1
O'zbek

Ronaldu: «Bu oson qaror bo‘lmadi»

Futbol
5 noyabr, 08:00
Portugaliyalik hujumchi 23 yillik xalqaro faoliyatini yakunlash qarori haqida batafsil fikr bildirdi.
Ronaldu: «Bu oson qaror bo‘lmadi»
Foto: Getty Images

Saudiya Arabistonining «An Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Portugaliya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlash qarori oson bo‘lmaganini tan oldi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan videoda bu yo‘lni 2003-yil avgustida boshlaganini va endi estafetani yosh avlodga topshirish vaqti kelganini aytdi.

«Portugaliya xalqiga murojaat qilmoqchiman. 7-raqamli libos va milliy jamoa sardorlik bog‘ichini qaytarish vaqti keldi. Ular faqat menga tegishli bo‘lmagan, balki barchamizga tegishli edi. 23 yil davomida ushbu libosni kiyish, uni himoya qilish va dunyoning turli stadionlarida mamlakatimiz sharafini himoya qilish men uchun katta sharaf va mas’uliyat bo‘ldi. Bugun estafetani kelajak avlodlarga topshirish vaqti keldi.

Bu oson qaror bo‘lmadi. Chunki ayrim masalalarni faqat aql bilan hal qilib bo‘lmaydi — bunda yurak ham o‘z so‘zini aytadi. Men hayotimni butunlay o‘zgartirgan yo‘lni yakunlayapman. Ortga nazar tashlasam, faqat bahslar, gollar, rekordlar yoki sovrinlarni emas, balki insonlarni ko‘raman. Futbol — shunchaki o‘yindan ancha kattaroq hodisa. Futbol — bu insonlar», — dedi Ronaldu.

Hujumchi milliy jamoa safida doimo o‘z imkoniyatlari chegarasidan chiqishga, g‘alaba qozonishga va tarixda qolishga intilganini ta’kidladi. U faoliyati davomida unutilmas g‘alabalar bilan birga, hanuz og‘riq bilan eslaydigan mag‘lubiyatlarni ham boshdan kechirganini aytdi. Shunga qaramay, Portugaliya sharafini himoya qilgani bilan faxrlanishdan hech qachon to‘xtamagan.

Ronaldu uchun eng muhim narsa muxlislar qalbida qoldirgan izidir. Uning fikricha, gollar unutilishi, sovrinlar muzeylardan joy olishi va rekordlar yangilanishi mumkin, ammo insonlar qalbida qolgan tuyg‘ularni vaqt o‘chira olmaydi.

«Agar hech bo‘lmaganda bir marta sizni xursand qilgan bo‘lsam, golim tufayli kimnidir quchoqlagan, tashvishlaringizni unutgan yoki mamlakatingiz bilan faxrlangan bo‘lsangiz, demak, bularning barchasi bejiz bo‘lmagan», — deya qo‘shimcha qildi futbolchi.

U Portugaliyaga yangi orzular bilan yashaydigan, taslim bo‘lmaydigan va hali hech kim erishmagan cho‘qqilarni zabt etishga ishonadigan yosh futbolchilar kerakligini ham ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Ronaldu Portugaliya milliy jamoasidagi debyutini 2003-yil 20-avgust kuni Qozog‘istonga qarshi bahsda o‘tkazgan.

Eslatib o‘tamiz, 41 yoshli hujumchi milliy jamoa safida 234 ta bahsda maydonga tushib, 146 ta gol urgan. U Portugaliya bilan 2016-yilgi Yevropa chempionati va ikki bor Millatlar ligasida g‘olib chiqqan.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Portugaliya Portugaliya
Bugungi yangiliklar