«PSJ» prezidenti Nossir Al Xilayfiy Bredli Barkolaning kelajagi haqida fikr bildirdi. Fransiyalik futbolchiga «Liverpul» va «Arsenal» klublari qiziqish bildirmoqda.
Al Xilayfiy 23 yoshli vinger atrofidagi transfer mish-mishlariga xotirjam munosabatda ekanini ta’kidladi.
«Biz xotirjam ishlayapmiz. Ko‘p gapirmaymiz, ishlarni amalga oshiramiz. Barcha futbolchilarimiz biz uchun muhim. Ular «PSJ» bilan shartnoma imzolaganidan so‘ng, klub uchun muhim futbolchiga aylanadi», — dedi Al Xilayfiy.
Prezidentdan Barkola transfer oynasi yopilgach ham «PSJ» futbolchisi bo‘lib qoladimi, deb so‘ralganida esa u aniq javob bermadi.
«Bugun bu haqda hech narsa deya olmayman. Bugun aytishim mumkin bo‘lgan narsa — u «PSJ» futbolchisi», — dedi klub rahbari.
Barkolaning «PSJ» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan. Manbaga ko‘ra, futbolchi shartnomasini uzaytirish taklifini qabul qilishga shoshilmayapti.
Ma’lumot uchun, Barkola 2023 yilda «Lion»dan «PSJ»ga o‘tgan. U Parij klubi safida 152 ta bahsda 39 ta gol urib, 37 ta golli uzatmani amalga oshirgan.