«PSJ» «Manchester Yunayted»ning 15 yoshli hujumchisi Jey-Jey Gabriel transferi ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Foot Mercato xabar berdi.
Angliyalik yosh futbolchi Manchester klubini tark etish istagida va unga Yevropaning bir qator yetakchi jamoalari qiziqish bildirmoqda. Parijliklar ham bir necha oydan buyon Gabrielning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib kelmoqda.
Qayd etilishicha, «PSJ» endi futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish borasida aniq harakatlarga o‘tishni rejalashtirmoqda. Yosh hujumchining yuqori samaradorligi Yevropa grandlarining e’tiborini tortgan.
Gabriel o‘tgan mavsum «Manchester Yunayted» U-18 jamoasi safida 23 ta uchrashuv o‘tkazib, 23 ta gol urgan. Bu mavsumda esa u UEFA Yoshlar ligasidagi debyut bahsidayoq o‘zini ko‘rsatdi. 15 yoshli futbolchi Ozarbayjonning «Sabah» klubiga qarshi uchrashuvda het-trik qayd etdi.
Hozircha Gabrielning kelajagi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan, ammo «PSJ» uni qo‘lga kiritish uchun kurashga jiddiy kirishmoqda.
Avvalroq «Barselona» va «Real» Jey-Jey uchun kurashayotgani ma’lum qilingandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi