«Nyukasl» 21 yoshli belgiyalik hujumchi Matias Fernandes-Pardoning transferi bo‘yicha «Lill» bilan kelishuvga erishishga yaqin. Bu haqda Get French Football News xabar berdi.
Fernandes-Pardo 29 avgust kuni «PSJ»ga qarshi bahs uchun «Lill» qaydnomasiga kiritilmadi. Avvalroq futbolchining mashg‘ulotlarda ham qatnashmagani va Fransiya klubidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.
«Nyukasl» belgiyalik futbolchiga butun yoz davomida qiziqish bildirib kelgan, biroq tomonlar uzoq vaqt transfer summasi borasida kelisha olishmadi. Endilikda muzokaralarda ijobiy siljish yuz bergan.
Fernandes-Pardo o‘tgan mavsumda 41 ta bahsda 8 ta gol va 7 ta assist qayd etgan.