«Hamburg» 26 yoshli yarimhimoyachi Fabio Viyeyraning transferi bo‘yicha «Arsenal» bilan muzokaralarda ancha ilgariladi. Kelishuv qiymati 10 mln yevro atrofida bo‘lishi mumkin.
London klubi transfer oynasi seshanba kuni yopilguniga qadar portugaliyalik futbolchini sotishni istamoqda. BBC xabariga ko‘ra, «Arsenal»da tomonlar kelishuvga erishishiga ishonch ortib bormoqda.
«Arsenal» Viyeyrani 2022 yilda «Portu»dan taxminan 40 mln yevro evaziga sotib olgan. Biroq futbolchi London klubida asosiy tarkibdan joy ola olmadi. U «Arsenal» safida 47 ta bahsda maydonga tushgan va APLda atigi 5 marta boshlang‘ich tarkibda o‘ynagan.
Viyeyra o‘tgan mavsumni «Hamburg»da ijara asosida o‘tkazib, Bundesligadagi 29 ta bahsda 7 ta gol urgan.