«Atletik» vingeri Niko Uilyamsning manfaatlarini himoya qiluvchi agent Feliks Taynta futbolchining 2025 yil yozida «Barselona»ga o‘tmaganining sabablarini ochiqladi.
«Biz «Barselona» bilan muzokaralar olib bordik. Albatta, «Atletik» ham vaziyatdan xabardor edi, chunki men ularga jarayon haqida muntazam ma’lumot berib turdim. Hatto vaziyat ularga yoqmagan paytlarda ham ularni xabardor qildim.
Muzokaralarni shu tarzda boshladik va bir nuqtaga keldik: Niko shunchaki o‘yin amaliyotisiz qolishga tavakkal qila olmasdi. Bu — «Formula-1». Agar men sizlarning oldingizga kelsam, muammolaringizga chidashim shart emas. Men «Barselona»ga aynan shuni tushuntirdim.
Shuning uchun muayyan kafolatlar bo‘lmasa, Niko klubga qo‘shilib, keyin maydonga tushmay qolishi xavfini qabul qila olmasligimizga qaror qildik. Gap faqat jahon chempionati haqida emasdi.
U — o‘z ishi bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan professional futbolchi. Agar sizda muammo bo‘lsa, bu menga ta’sir qilmasligi kerak. Agar bu muammo menga ta’sir qilmasligiga kafolat bera olmasangiz, fikrimni o‘zgartirishimga to‘g‘ri keladi. Hammasi shu tarzda kechdi.
Niko ketish variantini ko‘rib chiqdi, chunki u katta maqsadlarga intilayotgan futbolchi. «Atletik»da esa klubning imkoniyatlari cheklanganini yaxshi bilishadi. Ular Chempionlar Ligasida g‘olib chiqishmaydi, ehtimol, La Ligada ham chempion bo‘lishmaydi.
Oxir-oqibat, u ayrim variantlardan voz kechib, boshqalarini ko‘rib chiqa boshlaganida va vaziyatning barcha oqibatlari bilan birga mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini anglaganida, masalaga boshqacha qaray boshladi.
Uning shartnomasini uzaytirish haqida nima deyish mumkin? Men bu g‘oyani taklif qildim va u rozi bo‘ldi. Shundan keyin klub bilan shartnomani uzaytirishga qaror qilindi», — deya Tayntaning so‘zlarini keltiradi Goal.com nashri.
Ma’lumot o‘rnida, Uilyamsning «Atletik» bilan shartnomasi 2035 yilning yozigacha amal qiladi. Biroq kelishuvda futbolchini taxminan 90 million yevroga sotib olish bandi ham mavjud.