Live
2
O'zbek

«Nega aynan men?» — Xvicha og‘ir jarohatdan so‘ng fikrlarini bildirdi

Futbol
21 oktabr, 12:43
«PSJ» vingeri kamida 6 oyga safdan chiqdi.
«Nega aynan men?» — Xvicha og‘ir jarohatdan so‘ng fikrlarini bildirdi
Foto: Getty Images

«PSJ» vingeri Xvicha Kvaratsxeliya og‘ir jarohat olganidan so‘ng bayonot berdi.

Futbolchi Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 3-turidan o‘rin olgan «Barselona»ga qarshi bahsning ikkinchi bo‘limida maydonni tark etdi. Bellashuv 4:2 hisobida yakunlangandi. Bugun, 21-oktyabr kuni Kvaratsxeliyaning o‘ng tizzasidagi oldingi xochsimon bog‘lami uzilgani ma’lum bo‘ldi. U yaqin kunlarda jarrohlik amaliyotini o‘tkazadi. Futbolchi kamida 6 oy maydonga tusha olmaydi.

«Ko‘pchilik mendan bu haqda so‘ragan, ba’zilar hatto shunday fikr bildirgan: agar dunyodagi barcha futbolchilar ibodat qilganida, har bir o‘yin durang bilan yakunlanarmidi? Balki, shundaydir. Ammo men har bir o‘yindan oldin maydonni sog‘-salomat tark etishni so‘rab, Xudoga ibodat qilardim. Afsuski, bu safar ibodatim ijobat bo‘lmadi.

Juda oz vaqt o‘tdi, ammo xayolimda birgina savol aylanaveradi: nega aynan men? Bor kuchimni ishga soldim. Nazarimda, bu o‘yinga hayotimdagi boshqa har qanday voqeaga qaraganda yaxshiroq tayyorlangan edim. Har qanday vaziyatga tayyorman, deb o‘ylagandim, ammo bunday holatga emas.

Shunga qaramay, Xudo meni aynan shu sinov uchun tanlaganini tushunaman. Agar bu orqali maydondagi boshqa futbolchilarni jarohatdan asrab qolgan bo‘lsam, oldindagi oylarni og‘ir mehnat, og‘riq va ko‘z yoshlari bilan bo‘lsa-da, yengib o‘tishga tayyorman.

Doimo yonimda bo‘lgan yaqinlarim uchun yanada kuchli bo‘lib qaytishim kerakligini bilaman. Sizlarni umidsizlikka tushirmaslikka va’da beraman. Buning uchun bor kuchimni sarflayman.

Qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat! Tez orada ko‘rishguncha!»
— deb yozdi gruziyalik 25 yoshli vinger ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Paris Saint-Germain Paris Saint-Germain
  • Liga 1 Fransiya Liga 1 Fransiya
Bugungi yangiliklar