Live
1
O'zbek

Olmo 4 haftaga safdan chiqdi

Futbol
21 oktabr, 13:38
«Barselona» yarimhimoyachisi YECHL doirasidagi «PSJ»ga qarshi o‘yinda jarohat olgan edi.
Olmo 4 haftaga safdan chiqdi
Foto: Gettyimages

«Barselona» yarimhimoyachisi Olmo chempionlar ligasida «PSJ»ga qarshi o‘yinda olgan jarohati tufayli bir oyga yaqin vaqt mobaynida jamoasiga yordam bera olmaydi.

Chempionlar ligasi umumiy bosqich 3-turidan o‘rin olgan «PSJ»ga qarshi bellashuvda (2:4) jarohat olgan «Barselona» yarimhimoyachisi Dani Olmoning tibbiy ko‘rik natijalari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda ko‘k-anorranglilarning matbuot xizmati o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali xabar berdi.

28 yoshli Olmo uchrashuvning 27-daqiqasida zaxiraga olindi va uning o‘rniga Fermin Lopes maydonga tushdi.

«O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar Dani Olmoning «PSJ» bilan o‘yin paytida raqib bilan to‘qnashuvi natijasida chap yaqinlashtiruvchi mushakdan jarohat olganini tasdiqladi. Futbolchi taxminan bir oyga yaqin vaqtni o‘tkazib yuborishi talab etiladi», - deyiladi xabarda.

Ushbu mavsumda Olmo «Barselona» safida 12 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Ma’lumot uchun, «Barselona» La Ligada peshqadamlik qilmoqda - jamoa 9 o‘yinda 27 ochko jamg‘argan. «Real» 21 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi. «Ko‘k-anorranglilar» 25-oktyabr kuni aynan madridliklarga qarshi maydonga tushadi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Barselona Barselona
Bugungi yangiliklar