«Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Bruno Fernandesh bilan yangi shartnoma borasidagi muzokaralarda hozircha kelishuvga erisha olmayapti. Bu haqda TEAMtalk xabar berdi.
Avvalroq «qizil iblislar» portugaliyalik futbolchi bilan hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha muzokaralarni boshlagani ma’lum bo‘lgan edi. Biroq tomonlar hozircha yangi shartnomaning amal qilish muddati borasida kelisha olmayapti.
«Manchester Yunayted» Fernandeshni jamoada saqlab qolishni istamoqda. Shu bilan birga, klub rahbariyati futbolchining yaqin yillarda avvalgidek yuqori darajada o‘ynay olmasligidan xavotirda. Shu sababli ingliz klubi yarimhimoyachiga 2029-yilgacha mo‘ljallangan kelishuv taklif qilmoqda.
Shartnomada futbolchining maydonga tushgan bahslari soniga bog‘liq muhim shart ham bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, kelishuv ma’lum miqdordagi bahslarda ishtirok etish sharti bajarilgan taqdirda muntazam ravishda uzaytirib boriladi. Hozircha muzokaralar davom etmoqda.
32 yoshli Fernandesh ushbu mavsumda barcha turnirlar doirasida yettita bahsda maydonga tushib, to‘rtta gol va bitta golli uzatmani qayd etdi.
Ma’lumot uchun, portugaliyalik yarimhimoyachining «Manchester Yunayted» bilan amaldagi shartnomasi kelasi yozda yakuniga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, Fernandesh 2020-yil yanvaridan buyon «Manchester Yunayted» safida o‘ynamoqda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi