OKMK klubi Superliga 20-turida oʻz maydonida “Xorazm”ni (1:0) qabul qilib, yagona gol evaziga muhim uch ochkoni qoʻlga kiritdi.
Ogʻir kechgan bellashuvdan soʻng olmaliqliklar ustozi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida quyidagi fikrlarni bildirdi:
— Muhimi, 3 ochkoga ega boʻldik. Tomoshabop oʻyin boʻldi. Bundan oldingi uchrashuvlarda ham muxlislarga yoqadigan oʻyinlar koʻrsatayotgandik. Faqat gol urishda oqsayotgandik. Bugun Xudoga shukrki, 5-6 ta 100 foizli imkoniyatlarimizdan biridan foydalandik. Oʻsha gap: yaratilayotgan vaziyatlardan foydalana olmayapmiz. Ikkinchi boʻlimda menimcha Azizni oʻzida uchta 100 foizli imkoniyat boʻlgandi. Nodirda ham, Asadda ham qulay vaziyatlar yuzaga kelgandi. Bunday narsalarni kechirish kerak emas. Ishlayapmiz, tushuntiryapmiz. Xudo xohlasa, bu yogʻiga toʻgʻri xulosa chiqarishib, keyingi oʻyinlarda yanada koʻproq gollar koʻramiz, degan umiddaman. “Xorazm”ga keyingi oʻyinlarda omad tilayman.
— OKMK oxirgi uchta uchrashuvda hujumkor futbol namoyish etishiga qaramasdan gol ura olmayotgandi. Bu oʻyinchilarni ruhiyatiga qanchalik salbiy taʼsir koʻrsatdi? Hatto bugun ham garchi yutgan boʻlsa-da, koʻplab yaqqol golli vaziyatlardan foydalana olishmadi.
— Faqat uchta emas. Masalan, “Nasaf” bilan bahsda raqib posboni Neʼmatov jamoasini muqarrar gollardan qutqardi. Koʻp hujumlar boʻlyapti. Ruhan taʼsir qilganida bunday imkoniyatlar boʻlmasdi. Baribir harakat qilaverish kerak. Nafaqat bizning futbolda, balki jahon futbolida ham mana shunday yaqqol imkoniyatlardan gol ura olmasliklarini koʻp koʻramiz. Tushuntirishga harakat qilyapmiz, ishlayapmiz. Qolgani futbolchilarning individual oʻzlariga bogʻliq. Bu ham oʻziga yarasha tajriba. Shundan toʻgʻri xulosa chiqarib, toʻgʻri foydalanishadi, deb oʻylayman. Lekin gol — koʻpchilikning mehnati. Hujumchilar shunaqa vaziyatlarni golga aylantira olishmasa, qarshi hujumlarda oʻtkazib yuborish ham hech gap emas-da. Futbolchilar toʻgʻri tushunishyapti, harakat ham qilishyapti, ishlashyapti. Bu yogʻiga unumli foydalanishadi, deb umid qilaman, - deya Mirjalol Qoʻshoqovichning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Mirjalol Qosimov: “Muhimi — 3 ochkoga ega boʻldik”
Futbol
3 sentabr, 16:11
OKMK bosh murabbiyi “Xorazm” ustidan qozonilgan gʻalabadan soʻng oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
Foto: FK OKMK
03.09.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
ОКМК
1
:
0
Xorazm