Argentina milliy jamoasining sobiq sardori Lionel Messi mamlakat futbol assotsiatsiyasi (AFA) rahbariyati bilan shaxsiy va ishbilarmonlik aloqalarini uzishga qaror qilgan. Bu haqda jurnalist Nikolas Vinyaski WiFi dasturida ma’lum qildi.
Jurnalistning A24 nashri keltirgan so‘zlariga ko‘ra, Messi AFA prezidenti Klaudio Tapia va tashkilot g‘aznachisi Pablo Tovijino bilan munosabatlarini to‘xtatgan. Bunga futbolchining ismi va suratidan tijoriy maqsadlarda foydalanilishi sabab bo‘lgan.
«Messi advokatlariga Argentina futboliga aloqasi bo‘lmagan biznes loyihalarida uning qiyofasidan daromad olish maqsadida foydalanishni to‘xtatish talabi bilan AFAga rasmiy xat tayyorlashni topshirdi», — dedi Vinyaski.
Mojaroga reklama shartnomasi ham sabab bo‘lgan. Messi Amerikaning Michelob pivo brendi bilan eksklyuziv hamkorlik qiladi. Biroq Argentina milliy jamoasiga homiylik qiluvchi mahalliy kompaniya ham futbolchining suratidan reklamda foydalangan.
Jurnalistning ta’kidlashicha, bu holat Michelob vakillarining noroziligiga sabab bo‘lgan. Ular Messining atrofidagilardan izoh talab qilgan.
Vinyaskining aytishicha, futbolchi ushbu reklama haqida bilmagan, uning suratidan foydalanishga esa Klaudio Tapia ruxsat bergan.
Eslatib o‘tamiz, Messi 2026-yil avgust oyida Argentina milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi. Hozircha AFA rahbariyatining ushbu xabarlarga munosabati ma’lum emas.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi