Italiyaning ikkinchi divizioni — B Seriyada ishtirok etayotgan «Empoli» klubi noodatiy qaror qabul qilib, Maui laqabli it bilan rasmiy shartnoma imzoladi. Bu haqda klubning rasmiy sayti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Maui «Empoli»ning yangi timsoliga aylangan. Qizig‘i, it bilan shartnoma imzolash marosimi xuddi professional futbolchilar bilan kelishuv tuzish jarayonidek tashkil etilgan.
Marosim davomida Mauining bo‘yniga klub sharfini taqishdi va u uchun maxsus fotosessiya o‘tkazildi. Shu tariqa, itning jamoadagi yangi maqomi rasman tasdiqlandi.
Kelishuvga ko‘ra, Maui endilikda «Empoli»ning turli tadbirlarida ishtirok etadi, stadion tribunalarida ko‘rinish beradi va klubning media loyihalarida qatnashadi. Shuningdek, u jamoaning jonli ramzi sifatida muxlislar bilan aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Klub ushbu tashabbus orqali yangi timsolini futbol jamoasining to‘laqonli bir qismi sifatida tanishtirdi.
Qayd etish joiz, «Empoli»ning joriy mavsumdagi natijalari hozircha qoniqarli emas. Jamoa Italiyaning B Seriyasidagi dastlabki 11 turda bor-yo‘g‘i 9 ochko jamg‘argan va turnir jadvalida quyi ligaga tushib ketish xavfi mavjud bo‘lgan hududda bormoqda.