Globe Soccer Awards tashkilotchilari 2026 yilning Yaqin Sharqdagi eng yaxshi futbolchisi nomiga da’vogarlarni e’lon qildi. Nomzodlar ro‘yxati mukofotning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida taqdim etildi.
Yakuniy ro‘yxatdan jami 10 nafar futbolchi o‘rin oldi. Ular orasida «An Nasr»ning uch nafar vakili Krishtianu Ronaldu, Joau Feliks va Sadio Mane bor.
Shuningdek, «Al Qodisiya» futbolchilari Musab Al Juwayr va Xulian Kinyones, «Al Hilol» vakillari Yassin Bunu va Ruben Nevesh ham mukofot uchun kurashadi.
Nomzodlar safidan «Al Ahli» futbolchilari Eduard Mendi va Ayvan Touni, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining «Al Ayn» klubi hujumchisi Sofian Rahimiy ham joy olgan.
Globe Soccer Awards — har yili futbol olamidagi eng yaxshi o‘yinchilar, murabbiylar, klublar, agentlar va boshqa mutaxassislarni taqdirlaydigan nufuzli mukofotdir.
Taqdirlash marosimi an’anaviy ravishda dekabr oyi oxirida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkaziladi. Avvalroq Globe Soccer yilning eng yaxshi yosh o‘yinchisi bo‘lishga nomzodlarni ma’lum qilgandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi