Madridning «Real» klubi himoyachisi Ferlan Mendi jiddiy muammoga duch keldi. Bu haqida AS nashri xabar berdi.
31 yoshli fransiyalik futbolchi iti bilan bogʻliq voqea yuzasidan Madridda sud oldida javob beradi. Hodisa 2023 yil yanvar oyida Ispaniya poytaxti yaqinidagi Alkobendas shahrida sodir boʻlgan.
Oʻsha paytda Mendi avtomashinasini toʻxtatayotganida uning 4 ta iti uyidan chiqib ketgan. Ulardan biri koʻchada oʻz uy hayvonini sayr qildirib yurgan ayolning itiga hujum qilgan.
Voqeaga yordam berish uchun kelgan 17 yoshli oʻsmirni ham Mendi itining tishlashi oqibatida jarohat olgan. Endi jabrlanuvchi futbolchiga nisbatan uning iti tan jarohati yetkazgani uchun 6 oylik qamoq jazosi hamda katta miqdorda jarima tayinlanishini talab qilmoqda.
«Mendi itlar ustidan nazorat boʻyicha belgilangan talablarni buzgan. U odamlar va boshqa hayvonlar uchun haqiqatan ham xavfli vaziyatni yuzaga keltirgan», — deyiladi prokurorlar bayonotida.
Avvalroq Mendi 5 oygacha safdan chiqqani ma'lum qilingandi.