«Manchester Yunayted» uzoq vaqtdan beri qiziqish bildirgan Viktor Osimhen transferini amalga oshirmaydi.
Manchester Evening News nashri jurnalisti Tayron Marshallning ma'lum qilishicha, nigeriyalik hujumchining transfer narxi va yuqori maoshi «qizil iblislar» uchun bu kelishuvni deyarli imkonsiz qilmoqda. Turkiyadagi soliq imtiyozlari tufayli «Galatasaroy»da oladigan maoshi ham juda yuqori ekani aytilmoqda.
Manbaga ko‘ra, Osimhenning «Manchester Yunayted»ga o‘tish imkoniyati deyarli yo‘qqa chiqqan.
Shu bilan birga, «Barselona» «Manchester Yunayted» hujumchisi Benjamin Sheshkoni Robert Levandovskining ehtimoliy vorislaridan biri sifatida kuzatmoqda. Biroq ingliz klubi sloveniyalik futbolchini uzoq muddatli asosiy hujumchi sifatida ko‘rmoqda va uni sotish niyatida emas.
Shuningdek, Markus Reshfordning kelajagi hamon noaniqligicha qolmoqda. «Tottenhem» unga qiziqish bildirayotgan bo‘lsa-da, futbolchining o‘zi «Manchester Yunayted»da qolish yoki faoliyatini boshqa mamlakatda davom ettirishni afzal ko‘rmoqda. Klub esa «Barselona»ga uni yana ijara asosida qo‘yib yuborish variantini ko‘rib chiqmayapti.