Braziliya futboli afsonasi Ronaldinyo Italiyaning «Ravenna» klubi bilan shartnoma imzolaganidan so‘ng yana maydonga tushish niyati borligini tasdiqladi.
«Ha, bu rost. Men uchun bu ham o‘ziga xos chaqiriq. Albatta, «Ravenna» safida rasmiy o‘yinda bir necha daqiqa harakat qilaman. Keyin esa o‘zimni qanday his qilishimni ko‘ramiz», — dedi Ronaldinyo.
Shuningdek, u klub bilan hamkorlik qanday boshlanganiga ham to‘xtaldi.
«Biz va Cipriani guruhi o‘rtasida juda yaxshi munosabatlar shakllandi. Hammasi deyarli hazil tariqasida boshlangan edi, ammo keyinchalik bundan ham jiddiyroq loyihaga aylandi», — deya ta'kidladi braziliyalik.
Jismoniy holati haqidagi savolga esa Ronaldinyo kulib javob berdi.
«Jismoniy holatimmi? (kuladi) Men qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. Har qanday holatda ham «Ravenna» loyihasining bir qismi bo‘laman. Oldinda hali ko‘plab qiziqarli voqealar bor», — dedi afsonaviy futbolchi.