Braziliyalik futbolchi Malkom «Al Hilol»ni tark etib, «Diriya» safiga qo‘shilishga yaqin. Tomonlar transfer bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishgan, futbolchi esa yangi klubida uch mavsumga mo‘ljallangan shartnoma imzolashi kutilmoqda.
Saudiya matbuoti xabariga ko‘ra, Malkom transferni yakunlashdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tadi.
Transfer bir necha kun avvalgi voqealar fonida yanada kutilmagan bo‘ldi. «Al Faysaliy»ga qarshi bahsdan so‘ng futbolchidan jamoani tark etishi haqidagi mish-mishlar haqida so‘rashganda, Malkom bunga keskin javob bergandi:
«Aqldan ozdingizmi? Men klub bilan shartnomamni uzaytirganman. Iltimos, mish-mish tarqatishni bas qiling», — degan braziliyalik.
Shunga qaramay, endi uning «Al Hilol»dagi faoliyati yakunlanish arafasida. Malkom «Al Hilol» safidagi so‘nggi o‘yinida «Al Faysaliy» darvozasiga gol urib, klubdagi faoliyatini chiroyli yakunladi.
Braziliyalik vinger «Al Hilol» tarkibida jami 139 ta uchrashuvda maydonga tushib, 47 ta gol urdi va 41 ta golli uzatmani amalga oshirdi. U jamoaning muhim futbolchilaridan biriga aylanib, bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritishiga yordam bergan.