«Trabzonspor» prezidenti Ertug‘rul Dog‘an jamoaning Muhammad Saloh transferi va uning klubga ta’siri haqida fikr bildirdi.
«Trabzondagi turklar Muhammad Saloh nomi bilan uxlab, uning nomi bilan uyg‘onishyapti. Transfer amalga oshganidan so‘ng muxlislar juda yuqori kayfiyatda», — dedi Dog‘an ON Sport kanaliga bergan intervyusida.
«Biz bu baxtli lahzalarni katta ishtiyoq bilan boshdan kechiryapmiz. Chunki dunyoning eng yaxshi shaxslaridan birini jamoamizga olib kelganimizga ishonamiz», — deya qo‘shimcha qildi klub prezidenti.
Dog‘anning fikricha, Saloh dunyoning eng muhim futbolchilaridan biri hisoblanadi.
«Saloh dunyodagi eng muhim futbolchilardan biri, balki eng muhimi hamdir. U Trabzonga kelgan ilk kunidanoq jamoadoshlari bilan ajoyib muhit yaratdi», — dedi u.
«Trabzonspor» rahbari misrlik futbolchining transferi futbol bilan cheklanib qolmasligini ta’kidladi.
«Muhammad Salohning bizga kelishi futboldan tashqari ko‘plab sohalarda ham bizni qo‘llab-quvvatlaydi. U islom olami uchun ham quvonch manbai va bizga har tomonlama ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», — dedi Dog‘an.
U Saloh Misr va Turkiya o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda ham ko‘prik bo‘lishiga ishonmoqda.
«Saloh Misr va Turkiya o‘rtasidagi yaqinlashuv hamda munosabatlarni mustahkamlash uchun ko‘prik bo‘ladi. Biz hozir katta hayajon va ishtiyoq bilan yashayapmiz. Uning futbol nuqtayi nazaridan ta’siri nihoyatda katta bo‘lishiga shubha yo‘q», — deya ta’kidladi «Trabzonspor» prezidenti.
Dog‘an Salohning transferi turizmga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishini kutmoqda.
«Muhammad Salohni o‘yinlarda ko‘rish uchun Trabzonga keladigan misrlik sayyohlar soni oshishini kutyapman», — dedi u.