«Portu» darvozabon Diogu Koshta bo‘yicha transfer talablarini yumshatishga tayyor. Agar 27 yoshli futbolchiga top-klublardan biri qiziqish bildirsa, portugaliyaliklar uni tovon puli sifatida belgilangan 60 million yevrodan arzonroqqa sotishi mumkin. Bu haqda Correio da Manhã xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, «Portu» Koshtaning transferi uchun 45–50 million yevro talab qilmoqda. Ayni paytda Portugaliya milliy jamoasi darvozaboniga «Liverpul» qiziqish bildirmoqda. Avvalroq futbolchi «Bavariya» va «PSJ» e’tiboriga ham tushgan, biroq o‘shanda «Portu» 60 million yevrolik tovon pulini talab qilgan.
Koshta ushbu mavsumda barcha musobaqalarda 17 ta bahsda qatnashib, ularning 8 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Darvozabonning klub bilan shartnomasi 2030 yil yozigacha mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, Transfermarkt portali portugaliyalik futbolchining bozor qiymatini 40 million yevroga baholamoqda.