«Bavariya» va Germaniya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Lennart Karl JCH-2026 oldidan olgan jarohati haqida fikr bildirdi.
«Jarohat mashg‘ulot vaqtida darvozaga zarba berayotganimda yuz berdi. Birdaniga keskin og‘riq sezdim. Bu men uchun haqiqiy shok bo‘ldi, chunki o‘zimni juda yaxshi his qilayotgandim va katta umidlar bilan yashayotgandim.
Jahon chempionatida ishtirok etish mening orzum edi. Afsuski, jarohat bunga to‘sqinlik qildi. Endi buni qabul qilish va oldinga qarab harakat qilishim kerak», — dedi futbolchi Bild nashriga bergan intervyusida.
Avvalroq Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann yosh futbolchining mashg‘ulot vaqtida jarohat olganini ma’lum qilgandi.
Keyinchalik tibbiy tekshiruvlar Karlga mushak tolasi uzilishi tashxisi qo‘yilganini ko‘rsatdi. Shu sababli yarimhimoyachi JCH-2026ga qadar tiklanishga ulgurmadi.
Natijada Germaniya milliy jamoasi qaydnomasida uning o‘rnini «RB Leypsig» futbolchisi Assan Uedraogo egalladi.
Lennart Karl Germaniya futbolining eng istiqbolli yosh iste’dodlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda va mutaxassislar uning kelajakda milliy jamoaning muhim futbolchilaridan biriga aylanishiga ishonmoqda.