Premyer-ligaga qaytgan «Koventri» yozgi transfer oynasi oldidan tarkibni kuchaytirish ustida ishlamoqda.
Klub bosh murabbiyi Frenk Lempard jamoaga tajribali va nomdor futbolchilarni jalb qilishi mumkinligi aytilmoqda.
Avvalroq «Manchester Siti» yarim himoyachisi Fil Fodenni ijara asosida olib kelish varianti muhokama qilingandi. Biroq sobiq hujumchi Klinton Morrison bu transfer amalga oshmasligini ta’kidladi.
«Ha, Fil Foden transferi bo‘lmaydi. U «Manchester Siti» bilan yangi shartnoma imzolaydi, shuning uchun bunga imkon yo‘q», — dedi Morrison GOAL nashriga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, u «Koventri» Ross Barkli kabi tajribali futbolchilarni taklif qilishi mumkinligini aytdi.
«Premyer-ligadan chiqqan jamoaga kamida besh-olti nafar tajribali futbolchi kerak bo‘ladi. «Koventri»da yaxshi va iqtidorli tarkib bor, ammo ularga Premyer-liga tajribasi zarur», — dedi sobiq futbolchi.
Morrison yana bir mashhur ism — Jon Stouns haqida ham gapirdi.
«Bu amalga oshadi demayman, ammo Jon Stouns kabi futbolchini tasavvur qiling. U shartnoma yakunida «Manchester Siti»ni tark etishi mumkin. Albatta, menimcha u yuqori darajadagi klubga o‘tadi, biroq bu qanday transfer bo‘lishini tasavvur qilish mumkin», — dedi u.
Qayd etilishicha, Frenk Lempardning Premyer-ligadagi obro‘si va futbol olamidagi aloqalari «Koventri» uchun katta ustunlik bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Lempard 2024 yil noyabrida jamoani qabul qilib olgan va klubni 25 yillik tanaffusdan keyin yana Premyer-ligaga olib chiqqandi.