«Liverpul»ning sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyligiga asosiy nomzod hisoblanmoqda. Bu haqda insayder Ben Jeykobs xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ayni paytda «Red Bull» futbol yo‘nalishi rahbari lavozimida ishlayotgan Kloppning shartnomasida alohida band mavjud. Unga ko‘ra, mutaxassis Germaniya jamoasidan rasmiy taklif olsa, shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq insayder Fabritsio Romano ham Klopp Germaniya milliy jamoasini boshqarish imkoniyatiga qiziqish bildirayotgani, agar taklif tushsa uni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma'lum qilgandi.
Ma'lumot uchun, Germaniya JCH-2026 1/16 finalida Paragvayga penaltilar seriyasida (1:1, penaltilar — 3:4) mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi. Shundan so‘ng Yulian Nagelsmanning kelajagi borasidagi muhokamalar kuchaygan.