Ispaniya milliy jamoasi va «Real» sobiq darvozaboni Iker Kasilyas «Portu»dan katta miqdorda tovon puli talab qilmoqda. Bu haqda AS xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, sobiq darvozabon «ajdarlar» mashg‘uloti paytida yurak xurujini boshdan kechirgani sabab 3,7 million yevro olmoqchi. Ushbu hodisadan bir necha oy o‘tib, ispaniyalik futbolchi faoliyatini yakunlashga qaror qilgan.
Kasilyasning ta'kidlashicha, xurujga mashg‘ulot vaqtidagi kuchli zo‘riqish sabab bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat uning hayotiga jiddiy ta'sir ko‘rsatgan.
«Men sportzalga boraman, padel o‘ynayman, ammo ko‘p yugura olmayman. Eng ko‘pi bilan 50 metrgacha», — dedi sobiq darvozabon sud majlisi chog‘ida.
Ma'lumot o‘rnida, Iker 2020 yil yozida futbolchilik faoliyatini yakunlagan. Avvalroq Kasilyas XXI asrning eng yaxshi darvozabonlari reytingida 4-o‘rindan joy olgandi.