Superliganing 23-tur bahslari davom ettirilmoqda. Navoiyda «Qizilqum» jamoasi Termizning «Surxon» klubini qabul qildi. O‘yin 0:0 hisobida yakunlandi. Bellashuvdan keyin navoiyliklar bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘yin haqida aytadigan bo‘lsam, uchrashuv juda yaxshi o‘tdi, o‘yin mazmuni ham ancha yaxshi bo‘ldi. Ammo, afsuski, bugun ikki ochko yo‘qotdik, deb hisoblayman. O‘z vaziyatlarimizdan foydalana olmadik. Garchi o‘yin nazorati «Surxon»da bo‘lgan bo‘lsa-da, biz qarshi hujumlar orqali oldinga chiqib bordik. Bir nechta vaziyat yaratdik, lekin ulardan foydalana olmadik. Shunday bo‘lsa-da, yigitlarga katta rahmat aytmoqchiman. Ular maydonda bor kuchlarini ishga solishdi. Bugun g‘alabaga erishish nasib qilmadi. Endi keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Jamoaning hujumlari qanotlar orqali tashkil qilinyapti. Ammo to‘p maydon markaziga ko‘chganda o‘yin qovushmayapti. O‘rtada faol o‘ynaydigan ijrochilar ko‘rinmayapti…
- Uchrashuv uchun aniq strategiyamiz bor edi — qanotlar orqali, maydon kengligidan foydalanib o‘ynashni rejalashtirgandik. Ammo ayrim vaziyatlarda to‘p uzatilgan paytda kerakli nuqtaga yetib borishga ulgurmadiк. Chunki «Surxon» to‘pni ko‘proq nazorat qildi. Shu sababli futbolchilarimiz ikkinchi zonada raqibni kutib olishdi, oldingi chiziqda esa vaziyatlar yaratish biroz qiyinlashdi.
Menimcha, o‘z vaziyatlarimizdan foydalanganimizda, o‘yin butunlay boshqacha kechishi mumkin edi. Birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘limda ham imkoniyatlar yaratdik. «Surxon» to‘p nazorati orqali o‘ynashini bilardik. Ular aslida jiddiy vaziyatlar yarata olishmadi. To‘pni asosan o‘z himoyaviy zonasida va ikkinchi zonada nazorat qilishdi. Biz esa qarshi hujumlar orqali o‘ynashga tayyor edik va bu borada imkoniyatlarga ega bo‘ldik.
Biroq yakunlovchi zarbalarda aniqlik yetishmadi. Vaziyatlar bo‘ldi, lekin ulardan unumli foydalana olmadik. Himoyada hammasi yomon bo‘lmadi, ammo ayrim tushunmovchiliklar ham kuzatildi.
Yana bir jihatni aytishim kerak. FIFA kunlari sababli yuzaga kelgan uzoq tanaffus ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Kechagi turdagi o‘yinlarda ham buni ko‘rish mumkin edi. Menimcha, uzoq tanaffus futbolchilarga ta’sir qildi. Ko‘plab futbolchilar maydonga chiqishda qiynalishdi, chunki ularning aksariyati jarohatdan keyin safga qaytishgan. Ayrim futbolchilar qariyb 15 kun, hatto ikki-uch hafta davomida jarohat sababli maydonga tusha olishmagan. Bu holat ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
- «Qizilqum» FIFA kunlarida faqat bitta o‘rtoqlik o‘yini bilan cheklandi. Boshqa jamoalar esa ikkitadan o‘yin tashkil qilishdi.
- Bilasiz, biz geografik jihatdan ancha uzoqda joylashganmiz. Shu sababli «Buxoro» bilan faqat bir marta o‘ynadik. Ular bilan to‘rt bo‘limdan iborat o‘rtoqlik uchrashuvi ham o‘tkazdik. Ayrim futbolchilar jarohatlari sababli davolanish bilan band bo‘lishdi. Yana bir bor aytaman, ba’zi futbolchilar o‘yin amaliyoti va o‘yin ritmini biroz yo‘qotishdi. Ammo ishonamanki, o‘yindan-o‘yinga o‘zimizni tiklab boramiz va hali o‘z o‘yinimizni ko‘rsatamiz. Xudo xohlasa, Andijonda ochkolar uchun kurashamiz.
- Jamoangizga yana to‘rt ochko olish qoldi. Ammo nazariy jihatdan bu ham o‘tish o‘yinlari zonasidan chiqish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Bu borada hisob-kitob qilib ko‘rdingizmi?
- Men bunday hisob-kitoblar bilan shug‘ullanmayman. Albatta, to‘rt ochko olish bizga yuz foiz kafolat berishi mumkin. Agar bugun g‘alaba qozonganimizda, ochkolar o‘rtasidagi farq atigi ikki ochkoni tashkil qilardi. Endi nima bo‘lganda ham, ruslarda aytilganidek, qon chiqquncha harakat qilib bo‘lsa-da, shu to‘rt ochkoni olishimiz kerak.
- Demak, endi asosiy e’tibor uydagi o‘yinlarga qaratiladi?
- Albatta, harakat qilamiz. Menimcha, o‘z maydonimizdagi uchrashuvlarda maksimal darajada harakat qilamiz. Yigitlar yaxshi, jamoaviy muhit ham yomon emas. Futbolda xatolarsiz o‘yin bo‘lmaydi.
Bugun, afsuski, yana bir bor aytaman, ikki ochko yo‘qotdik. Agar o‘z vaziyatlarimizdan foydalanib, birinchi bo‘limning o‘zidayoq gol urganimizda, o‘yin boshqacha kechardi. Ko‘rib turganingizdek, raqibda to‘p nazorati ko‘proq bo‘ldi. Biz esa ularning aynan shunday o‘ynashini kutgandik. «Surxon» to‘pni nazorat qilishini bilardik.
Eng muhimi, o‘zimizda vaziyatlar bo‘ldi. Agar vaziyat yarata olmaganimizda, boshqa gap edi. «Surxon»da esa aniq golli vaziyatlar deyarli bo‘lmadi. Esimda, ular bir marta qanotdan to‘p uzatib, zarba berishgani bor, xolos.
To‘pni nazorat qilish, qisqa va o‘rta masofaga paslar berish hamda biroz yuqoriroq tezlikda o‘ynash — raqibning kuchli jihatlari. Ammo ular buni asosan, hisobda oldinga chiqqandan keyin amalga oshirishdi», - deya Saidovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.