6 avgustdan Superligada ikkinchi davra boshlanadi. Aniqrogʻi, 15-turdan keyin darhol 16-turga ulanib ketadi. Chunki, bilasiz oʻrtada tanaffus boʻlmaydi. Jahon chempionati sababli Superliga ishtirokchilari ikki oydan ziyod vaqt davomida tanaffusda boʻlishdi. Shu bois endilikda turlar oraligʻi vaqti katta emas.
6-8 avgust kunlari boʻlib oʻtadigan 16-tur juftliklari boʻlib oʻtishidan xabaringiz bor. Taniqli futbol mutaxassisi Ja'far Irismetov Tribuna.uz uchun boʻlajak oʻyinlar oldidan imkoniyatlar borasida quyidagi fikrlarni aytdi.
6 avgust
19:00. «Soʻgʻdiyona» - «Andijon»
- «Soʻgʻdiyona» Ulugʻbek Baqoyev boshqaruviga oʻtganidan keyin biroz nobarqaror oʻyin koʻrsatmoqda. Bir unday, bir bunday. Lekin oxirgi uchrashuvda yaxshi oʻyin koʻrsatib, gʻalaba qozonishdi. Ularda Lyupche Doriev yaxshi sport formasida. «Andijon»ga kelsak, 2-3 ta futbolchilari ketdi va yana kimlardir keldi. Oʻyini shunga yarasha boʻlyapti. Islom Ahmedov vaziyatni toʻgʻrilashga maksimal darajada harakat qilyapti. Menimcha, biroz qiyinroq. Baribir «Andijon»da yaxshi oʻyinchilari bor. Bu bellashuvda durang boʻlsa kerak, deb oʻylayapman. Bu ikkala juftlikda kimnidir kuchli deb ayta olmayman. Oʻyin «Soʻgʻdiyona» maydonida oʻtishini hisobga olsak, durang kuzatilishi mumkin.
20:00. «Paxtakor» - «Buxoro»
- Har doim «Paxtakor»ning oʻyinlarini kuzatib boraman. Bu mening yaxshi koʻrgan jamoam. «Paxtakor»ning oʻyini borasida muammolari ancha koʻp. «Andijon» bilan oʻyinda ham muammolari koʻrindi. Oldingi chiziqdagi kamchiligini iroqlik hujumchini qoʻlga kiritib, hal qilmoqchi. Lekin undan tashqari ham oʻyin borasida ancha muammolari bor. Xomyakov «Buxoro»ni ancha yaxshi jamoa sifatida shakllantirib qoʻygan. Yulduzlari boʻlmasa ham yaxshi tarkib tuza olgan. Menimcha, «Paxtakor»ning qoʻli baland keladi, faqat minimal hisobda boʻlsa kerak. 1:0 boʻlishi ham mumkin.
7 avgust
19:00. «Surxon» - «Navbahor»
- «Surxon» uy oʻyinlarini Toshkentda oʻtkazayotganini hisobga olsak, bu yerda «Navbahor»ning qoʻli baland kelishi mumkin. Namanganliklarda futbolchilarni darajasi yuqoriroq deb hisoblayman. Biroq Anvar Gʻofurov ham maksimal darajada yaxshi oʻyin koʻrsatishga harakat qilyapti. «Surxon»da muammolar borligi uchun koʻp futbolchilari ketdi. Shu bois ushbu juftlikda «Navbahor» gʻalaba qozonadi, deb oʻylayman. Balki 0:2 hisobi qayd etilishi mumkin.
19:30. «Lokomotiv» - «Dinamo»
- «Lokomotiv»da Mirko Yelichich ancha yaxshi jamoa shakllantirib qoʻygan. Juda qiziqarli oʻyin boʻladi. Ikkalasi ham futbol oʻynaydigan klublar. Biroz «Dinamo»da ustunlik boʻlishi mumkin. Nimani hisobiga? Oʻyinchilarni evaziga boʻlishi mumkin. Ammo «Lokomotiv» ham oxirgi paytlarda yaxshi oʻyin koʻrsatmoqda. Bu yerda durang boʻlsa kerak. Lekin golli durang qayd etilishi mumkin. Chunki ikkala jamoa ham hujum qilishni yaxshi koʻradi.
20:00. «Xorazm» - «Mash'al»
- «Xorazm»ni bu uchrashuvda ustunlik qilishi aniqlroq-ku, ammo «Mash'al»ga Sergey Lushan kelganidan keyin oʻyinini oʻzgartira oldi. Yaxshi oʻyin koʻrsatayotgan edi. Biroq soʻnggi ikkita oʻyinda magʻlubiyatga uchradi. Yangi murabbiy kelganida jamoa bir «uygʻonadi-da», keyin yana joyiga tushib qoladi, deyishadi. Nazrimda, bu yerda «Xorazm»ni yutugʻi bilan tugasa kerak, deb oʻylayman. Natija minimil hisob boʻlishi mumkin.
8 avgust
19:00. «Neftchi» - «Qizilqum»
- Fikrimcha, «Neftchi» raqibini 2-3 ta toʻp farqi bilan yutish ehtimoli bor. Baribir fargʻonaliklar safida oʻyinchilarni saviyasi baland. Qolaversa, oxirgi ikkita turda durang oʻynashdi. Oʻtgan turda Samarqandda u qadar yaxshi oʻyin koʻrsatishmagan holda durang qayd etishdi. Bu safar ular muxlislari qarshisida yaxshi oʻyin koʻrsatib, 2:0 yoki 3:0 hisobida gʻalaba qozonsa kerak.
19:30. «Bunyodkor» - OKMK
- «Bunyodkor» atrofidagi voqealarni hamma bilib turibdi. Jamoa ruhiy tarafdan juda ogʻir ahvolda. Shunga qaramasdan, Ilyos Zeytullayev shogirdlarini munosib «nastroý» qilyapti va yaxshi oʻyin namoyish qilishyapti. Baribir yuz berayotgan muammolar futbolchilarga ta'sir koʻrsatyapti. «OKMK» minimal hisobda yutsa kerak.
20:00. «Nasaf» - «Qoʻqon-1912»
- «Nasaf» oxirgi oʻyinlarda yaxshi oʻyinlar koʻrsatib, gʻalaba qozonmoqda. Bobir Abdiqoliqov ham munosib oʻynayapti. Maydon egalari 2:0, balki 3:1 hisobida gʻalaba qozonadi, deb oʻylayman. «Qoʻqon-1912»da oxirgi paytlarda oʻyin sifati pasayib boryapti. Bosh murabbiy oxirgi uchrashuvdan keyin iste'foga chiqishi haqida gapirdi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi