Gana tashqi ishlar vaziri Samuel Okudzeto Ablakva Kanada hukumati Tomas Partiga JCH-2026 uchun viza berishni rad etgani yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Vazir ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan murojaatida Kanada qarorini «o‘zboshimchalik» va «adolatsizlik» deb atadi.
«Gana Respublikasi hukumati Kanada tomonidan Gana fuqarosi va milliy jamoaning muhim futbolchisi Tomas Partiga vaqtinchalik kirish ruxsatnomasi berilmagani yuzasidan jiddiy xavotir bildiradi», — deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, Kanada immigratsiya xizmati qarorni mamlakatning immigratsiya va qochqinlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonuniga asoslangan holda qabul qilgan.
Gana tomoni bu qaror Buyuk Britaniyada davom etayotgan sud jarayoni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Shu bilan birga, bayonotda futbolchiga nisbatan ayblov hukmi chiqarilmagani va uning aybi sud tomonidan isbotlanmagani alohida ta’kidlangan.
«Gana hukumati demokratik jamiyatlarning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lgan aybsizlik prezumpsiyasi prinsipini qo‘llab-quvvatlaydi», — deyiladi hujjatda.
Ma’lum qilinishicha, 11 iyun kuni Gana TIV Kanada tomoniga rasmiy norozilik notasi yuborgan hamda qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan.
Shuningdek, vazir Samuel Ablakva mazkur masala yuzasidan Kanada siyosatchilari bilan qo‘shimcha muzokaralarni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Tomas Parti Gana milliy jamoasining asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi va uning JCH-2026dagi ishtiroki hozircha noma’lumligicha qolmoqda.