«Inter» safida so‘nggi uch yilni o‘tkazgan Davide Frattezi «Latsio»ga qaytdi. 26 yoshli yarimhimoyachi bolalik faoliyatini aynan Rim klubida boshlagan va 2014 yilgacha uning tizimida bo‘lgan.
«Men uyga qaytdim. «Latsio» maydonlarida mashg‘ulotlarga borib yurgan paytlarimda yurgan ko‘chalarimning barchasi esimda. Men ulg‘aygan holda qaytyapman. 26 yoshimda boshqacha mas’uliyatni o‘z zimmamga olish vaqti keldi», — deya Frattezining so‘zlarini Cittaceleste.it keltirdi.
Ma’lumot uchun, Frattezi «Latsio»ga «Inter»dan ijara asosida o‘tdi. Kelishuv 1 million yevrolik ijara to‘lovi va ayrim shartlar bajarilganda 14 million yevrolik majburiy sotib olish bandini o‘z ichiga oladi. «Inter» futbolchining keyingi transferidan 50 foiz ulush olish huquqini saqlab qoladi.