Bu haqda FIFA matbuot xizmati tashkilot rasmiy sayti orqali xabar berdi. Milliy madhiyalar avvalgidek markaziy sektorlar qarshisida emas, 360 gradus hosil qilgan holda maydon markaziga qarab, yuzma-yuz holatda saf tortishadi. Har bir jamoa yarmida katta milliy bayroqlar aks ettiriladi.
Shuningdek, madhiya ijro etilayotganda markaziy doirada nafaqat asosiy tarkib futbolchilari, balki zaxira a’zolari ham yelkama-yelka turib, jarayonda ishtirok etadi.
FIFA bunday o‘zgarishlardan asosiy maqsad, stadionning istalgan qismidagi muxlis jarayonni qulay ravishda tomosha qilishi, barcha ishtirokchilar his-tuyg‘ulari, emotsional holatini yanada kuchli o‘tishini ta’minlash hisoblanadi.
Madhiyalar yangi formatda ijro etilgandan so‘ng, o‘yin oldidagi qolgan marosimlar an’anaviy ko‘rinishda bajariladi: ko‘rishish va asosiy tarkiblarining jamoaviy surati, sardorlar ishtirokidagi kichik qur’a jarayoni.
Bundan tashqari, o‘yin oldidagi marosim yangi elementlar, jumladan, rangli tutun yoki pirotexnika bilan boyitilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA JCH-2026 bahslariga suv solingan plastik idishlarni olib kirishni taqiqlanishi haqida xabar bergandi.