«Real» klubi prezidenti Florentino Peres vinger Maykl Olise transferi uchun € 150 mln yevro taklif qilishni rejalashtirgan. Bu haqda AS nashri xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «qirollik klubi» yetakchisi kelayotgan hafta seshanba kuni «qaymoqranglilar» tarixidagi eng katta transfer taklifini bildirishi va hamma bu futbolchi kimligini bilib, karaxt bo‘lib qolishini ta’kidlagandi. Biroq Peres transfer taklifi bildiriladigan o‘yinchini Krishtianu darajasidaligi va u Olise emasligini ham alohida aytib o‘tgandi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, fransiyalik vingerning ehtimoliy transferini amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Sababi «Bavariya» moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmagan va yetakchi futbolchilarini sotish orqali pul jamg‘arishga majbur bo‘ladigan holatda emas.
Yakuniga yetgan mavsumda Olise barcha musobaqalarni inobatga olganda 52 o‘yinda 22 ta gol urdi va 31 ta golli uzatma yetkazib berdi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil yozigacha mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali Mayklning aktual transfer narxini 150 mln yevroga baholamoqda.