Live
5
O'zbek

1,5 mln dollardan 3,5 milliard so‘mgacha – FIFA JCH-2026dagi ishtirok uchun Superliganing 7ta klubiga minimal qancha mablag‘ to‘lashi hisoblandi

Eksklyuziv
5 iyun, 07:42
Eng ko‘p mablag‘ «Paxtakor»ga to‘lanadi.
Tribuna Editor
Tribuna Editor
1,5 mln dollardan 3,5 milliard so‘mgacha – FIFA JCH-2026dagi ishtirok uchun Superliganing 7ta klubiga minimal qancha mablag‘ to‘lashi hisoblandi
Фото - ЎФА

FIFA JCH-2026dagi ishtirok uchun futbolchilarning klublariga bu yil jami 335 million dollarni taqsimlab beradi.

Tashkilotning jahonga miqyosida futbol klublarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Klublar uchun imtiyozlar dasturi» doirasida JCH-2026ga milliy jamoalar safida mundialga yuborilgan futbolchilar uchun har bir klub belgilangan qiymatda mablag‘ga ega bo‘ladi.

«O’zbekiston24» telekanali xabarida qayd etilishicha, Superliga klublaridan chaqiruv olgan 16 nafar futbolchi uchun o‘zbek klublariga FIFA tomonidan guruh bosqichi uchun jami 4 mln 752 ming AQSh dollari to‘lanadi.

Shundan eng ko‘p mablag‘ milliy jamoaga 5 nafar futbolchisini yuborgan «Paxtakor» klubi oladi – 1 mln 485 ming dollar. Bu hozirgi qiymatda 17 mlrd 820 million so‘m deganidir.

«Neftchi» klubi milliy jamoaga taklif etilgan 3 o‘yinchisi uchun 891 ming dollar olishi qayd etilgan.

Fabio Kannavaro «Dinamo» va «Nasaf»dan ikki nafardan o‘yinchi chaqirgani uchun FIFA bu jamoalar hisob raqamiga turnir yakunidan keyin eng kamida 594 ming dollar yoki o‘zbek so‘mida 7 milliard 128 million so‘m to‘lov qilishi ko‘rsatilgan.

«Buxoro», «Navbahor», «Surxon» klublari esa bir nafardan o‘yinchisi uchun 297 ming AQSh dollaridan oladi. Bu hozirgi qiymatda 3,5 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘dir.

Qayd etish joiz, FIFA JCH-2026 uchun chaqiruv olgan futbolchilarning FIFA kunlaridagi yig‘indan boshlab turnirdagi har bir kuni uchun hisob-kitob qiladi. Yuqoridagi mablag‘ futbolchilarning minimum guruh bosqichi yakuniga qadar milliy jamoa safida bo‘lishi inobatga olinib hisoblangan. O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichidan pley-offga yo‘llanma olsa, klublarga to‘lanadigan to‘lov miqdori oshishda davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, FIFA JCH-2022 uchun klublarga jami 209 million dollarni (har bir kun uchun – 10 950 dollar) taqsimlagan bo‘lsa, JCH-2026da bu jami mablag‘ 335 million dollarni tashkil etadi.

Bugungi yangiliklar