«Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri Yevropa Ligasi finali arafasida avvalgi muvaffaqiyatlari haqida gapirishni istamasligini aytdi.
Ispaniyalik mutaxassis hozir butun e’tiborini «Aston Villa» bilan yangi tarix yozishga qaratganini ta’kidladi.
«Men bu turnirning qiroli emasman. Hozir «Aston Villa» bilan yangi sahifa yozmoqdaman va oldin qilgan ishlarim o‘tmishda qoldi. Ertaga aynan shu futbolchilar bilan g‘alaba qozonishimiz, «Aston Villa» bilan raqibni mag‘lub etishimiz kerak. Bu — yangi yo‘l, yangi davr va umid qilamanki, yangi era», — dedi Emeri.
Murabbiy avvalgi yutuqlar haqida ortiqcha gapirishni istamasligini ham qo‘shimcha qildi.
«Oldin nimalarga erishganimiz haqida ko‘p gapirishni xohlamayman. Ushbu mavsum va Konferensiyalar ligasi hamda Chempionlar ligasidagi o‘yinlarimiz yuqori darajada o‘ynay olishimizni ko‘rsatdi», — dedi ispaniyalik mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, Unai Emeri murabbiy sifatida Yevropa Ligasi bosh sovrinini to‘rt marta qo‘lga kiritgan — uch bor «Sevilya» bilan, bir marta esa «Vilyarreal» bilan.
Ma’lumot uchun, «Aston Villa» – «Frayburg» jamoalari o’rtasidagi Yevropa ligasi finali bugun, 20-may kuni soat 23:59 da boshlanadi.