«RB Leyptsig» vingeri Yan Diomande yozgi transfer oynasida jamoasini tark etadigan bo‘lsa, faoliyatini «PSJ»da davom ettirishni afzal ko‘rmoqda.
The Athletic xabariga ko‘ra, Kot-d'Ivuar milliy jamoasining 19 yoshli futbolchisi Parij klubi loyihasini o‘zi uchun eng jozibador variant deb hisoblamoqda. Diomande «PSJ» prezidenti va bosh murabbiyining ish uslubini yuqori baholaydi hamda aynan Parijda muntazam ravishda sovrinlar uchun kurashish va kelajakda «Oltin to‘p»ga da'vogarlik qilish imkoniyati ko‘proq deb hisoblaydi.
Avvalroq «Liverpul» futbolchi uchun qariyb 100 million yevro taklif qilgandi. Biroq «RB Leyptsig» bu taklifni rad etib, o‘z yetakchisi uchun 130 million yevroga yaqin mablag‘ olishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, nemis klubi Diomande bilan shartnomani uzaytirishga ham umid qilmoqda. Uning amaldagi bitimi 2030 yilning yoziga qadar amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Diomande o‘tgan yozda «Leganes»dan «RB Leyptsig»ga ko‘chib o‘tgan edi. U Bundesligadagi debyut mavsumida 33 ta uchrashuvda 12 ta gol urib, 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi va jamoasining Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shdi.
Ayni paytda Diomande Kot-d'Ivuar bilan JCH-2026 1/16 finalida Norvegiyaga qarshi bahsga tayyorgarlik ko‘rmoqda.